“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi Taylandning Pxuket oroliga parvozlarni boshlaydi. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Muntazam reyslar haftada ikki marta — seshanba va juma kunlari amalga oshiriladi.

Aviachiptalarni kompaniya sayti hamda “Uzbekistan Airways” ilovasida xarid qilish mumkin. Biroq aviakompaniya saytida mazkur yo‘nalish bo‘yicha ma’lumotlar keltirilmagan.

“Uzbekistan Airways” 2019-yilning 5-yanvaridan 2-fevraligacha Pxuketga to‘g‘ridan to‘g‘ri qatnovni amalga oshirishi ma’lum bo‘lgandi. Parvozlar haftada bir marta Boeing-767 samolyotlarida amalga oshirilishi ta’kidlangandi.

2021-yili Tayland hukumati Pxuket orolini COVID-19ga qarshi emlangan xorijlik sayyohlar uchun ochdi. Orolga kelgan emlangan xorijliklar karantindan o‘tishlari shart emas, ular butun orol bo‘ylab erkin harakatlanishlari mumkin.

2022-yilning oktabrida mamlakat hukumati xorijlik sayyohlarga mamlakatda qolish muddatini 2023-yilning martigacha uzaytirishga ruxsat berdi. Tailandga kelganida viza oladigan 18 davlat, jumladan, o‘zbekistonliklar mamlakatda bo‘lish muddatini 15 kundan 30 kungacha ikki barobarga oshirishi mumkin edi.