Xitoy kompaniyasi Farg‘onada besh yulduzli mehmonxona qurishni rejalashtirmoqda. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Xitoyning “Jilin Zhong Tian” developerlik kompaniyasi rahbari Chjao Vey boshchiligidagi kompaniya vakillari hamda “Xueyjenshi” kompaniyasi ta’sischisi Sun Szi va direktori Lu Shu Bo bilan uchrashuvdi.

“Jilin Zhong Tian” kompaniyasi vakillari bilan Farg‘ona shahrida besh yulduzli mehmonxona, savdo-ko‘ngilochar markazi hamda apart-rezidensiya majmuasi barpo etish bo‘yicha ishlab chiqilayotgan investitsion loyiha muhokama qilindi.

Kompaniya rahbari Chjao Vey loyiha uchun $50 mln atrofida investitsiya yo‘naltirish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

Muzokaralar natijasida, ikki hafta muddatda xitoylik investorlar tomonidan besh yulduzli mehmonxona, savdo-ko‘ngilochar markazi hamda apart-rezidensiya majmuasining master-rejasini ishlab chiqilishiga kelishildi.

Shuningdek, loyihani joylashtirish uchun auksionga qo‘yilgan yer maydonlaridan turli takliflar taqdim etiladi.

“Xueyjenshi” kompaniyasi rahbarlari bilan kechgan muzokaralarda ekoshahar hududida to‘g‘ridan-to‘g‘ri Xitoy investitsiyasi hisobiga o‘nlab 12 qavatli turar-joylardan iborat majmua barpo etish loyihasi ko‘rib chiqildi.

Kompaniya ta’sischisi Sun Szi Farg‘ona shahrida barpo etilayotgan ekoshahar hududida bo‘lib, amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishgani hamda ushbu yirik loyihada o‘z investitsiyasi bilan ishtirok etib, 12 qavatli turar-joylar barpo etish istagida ekanini bildirdi.

Xitoyning yuqori standartlari asosida barpo etiladigan mazkur binolarning pastki qavatlarida savdo majmualari o‘rin olishi ko‘zda tutilgan.

Sun Szi o‘z mutaxassislari bilan qisqa muhokamalardan so‘ng investitsiya miqdorini hamda barpo etiladigan turar-joylar sonini aniq belgilashini, investitsiyalar miqdori $50 mln bilan 90 mln o‘rtasida bo‘lishini bildirdi. Bir haftadan so‘ng muzokaralarni davom ettirishga kelishib olindi.

Avvalroq Koreyaning “Dream Build Team” kompaniyasi Farg‘onada golf maydoni qurishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.