Markaziy bank yanvar-sentabr oylaridagi nazorat tadbirlari natijalariga ko‘ra, 16 ta tijorat bankidan jarimalar undirildi, deya xabar bermoqda regulyator matbuot xizmati.

Nazorat tadbirlarida tijorat banklarining joylardagi muassasalarida iste’molchilar bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda bank faoliyatiga qo‘yiladigan talablarga rioya etilishi, shu jumladan, terminallar orqali to‘lovlarning qabul qilinishi hamda bank xizmatlari to‘g‘risidagi axborotlarni iste’molchilarga to‘g‘ri va to‘liq taqdim etilishi holatlariga e’tibor qaratildi.

Xususan, o‘rganish davomida banklar tomonidan taklif etayotgan kredit va omonatlar haqidagi axborotlar iste’molchilarga qonunchilikda belgilangan tartibda oshkor qilinishi hamda bank kartalari orqali xizmatlar ko‘rsatilishi to‘liq yo‘lga qo‘yilmaganligi holatlari aniqlandi.

Ushbu holatlarga yo‘l qo‘yganligi uchun tegishli qonunga muvofiq, 21 ta tijorat bankiga nisbatan chora qo‘llanilib, bunda 16 ta tijorat bankidan jarimalar undirildi hamda 5 ta tijorat bankiga ogohlantirish berildi.

Iste’molchilar bank xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha oqilona qarorga kelishlari uchun tijorat banklaridan iste’molchilarga bank xizmatlari haqidagi ma’lumotlarni to‘liq oshkor qilishi va ularning shartlarini batafsil tushuntirishi lozimligi bildiriladi.

Markaziy bank joriy yil avgust oyida “Oson” to‘lov tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyasini qo‘llagandi.

Bunga kompaniyaning jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzgani sabab bo‘lgan.

Oktabr oyida boshida regulyator 1 ta tijorat banki va 1 ta to‘lov tashkilotining ayrim operatsiyalarini amalga oshirishiga cheklov o‘rnatildi hamda 13 ta tijorat banki faoliyatida qoidabuzarliklar aniqlanganligi sababli chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirgandi.