Endilikda tashqi reklamalardan holi hududni shahar aholisining o‘zi tanlaydi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bu bo‘yicha Raqamli rivojlanish departamentining “Tashqi reklama” loyihasi bo‘limi so‘rovnoma tashkil etdi. Fuqarolar portal yoki “Xalq nazorati” ilovasi orqali unda ishtirok etishlari mumkin.

So‘rovnoma Toshkentning tashqi reklamadan holi hududlarini kengaytirishga qaratilgan. “Xalq nazorati” portalida ariza berish uchun agar ilova mavjud bo‘lmasa dastlab uni yuklab olish kerak. Android uchun — bu yerdan, iOS uchun — bu yerdan.

Undan keyin, ilovaga kirgach, “Foydalanuvchi so‘rovlari” bo‘limini tanlash kerak. Keyin qadamda “Reklamadan holi hudud” bo‘limida fikrlarni qoldirish mumkin.

So‘rovnomada 15 kun davom etadi hamda 11-noyabrgacha fikr-mulohazalarni jo‘natish mumkin.

Ishtirokchilar ariza to‘ldirayotganlarida manzilni ko‘rsatishlari, reklama joylashtirilgan joy fotosuratini ilova qilishlari hamda nima uchun bu obyektda reklama bo‘lmasligi kerakligini aytib o‘tishlari kerak.

Amaldagi qonunga ko‘ra, madaniy meros obyektlari va davlat idoralari binolariga hamda ulardan 50 metr uzoqlikda tashqi reklama joylashtirish taqiqlanadi. Biroq, ushbu ro‘yxat xalq fikrini inobatga olgan holda kengaytirilishi mumkin, deyiladi xabarda.

Raqamli rivojlantirish departamenti tahlillariga ko‘ra, shaharda o‘rnatilgan 11 mingta tashqi reklama obyektlaridan 2500dan ortig‘i madaniy meros obyektlari va davlat muassasalari hududida qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan holda o‘rnatilgan. Masalan, 145-umumta'lim maktabi yoki eski TashMI binolarining bir qismi madaniy meros obyekti hisoblanadi.

Joriy yilining sentabrida Toshkentda 3 mingga yaqin reklama konstruksiyasi noqonuniy joylashtirilgani ma’lum bo‘lgandi.

O‘zbekistonda 9 905ta tashqi reklamaning belgilangan talablarga mos emasligi aniqlandi. Mamlakatdagi 3 082ta reklama konstruksiyasi noqonuniy joylashtirilgan. Shundan qariyb 97%i, ya’ni 2 984tasi Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi: