Munis Xusanova 1992-yil Toshkent viloyati Olmaliq shahrida tavallud topgan. 2010−2014-yillar O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining bakalavr bosqichini, 2016-yili esa magistraturasini tugatgan.

Hozirda Buyuk Britaniyadagi University Сollege London (UCL)ning Education and International Development yo‘nalishining magistranti. Shuningdek, 2016-yildan hozirgacha Bilimni baholash agentligida ekspert sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.

U “Spot"ga Angliyaga qanday ketgani, chet el universitetlarida o‘qish jarayoni va yashash xarajatlari hamda talabalarning ishlashi, universitetda yaratilgan imkoniyatlar haqida so‘zlab berdi.

Nega Angliya?

Angliya men uchun eng sevimli davlatlarimdan biri. Chunki bolaligimdan bu davlatga qiziqishim yuqori bo‘lgan. Haliyam esimda avval televizor orqali Angliya qirollik oilasi, odamlari, madaniyati to‘g‘risida juda ko‘p dasturlar efirga berilardi. Qolaversa qisqa metrajli va Britaniya tarixiga bag‘ishlangan hujjatli filmlarni ham ko‘p tomosha qilardim. Bularni hammasi ilk marotaba meni Angliyaga jalb qila boshlagan deb o‘ylayman.

Shuningdek, maktabda o‘qib yurgan paytimda Amerika elchixonasi tomonidan volontyorlar kelib, bizga ingliz tili bo‘yicha o‘qituvchilik qilgandi. Ular o‘zlari Amerikalik bo‘lishiga qaramasdan dars o‘tish jarayonida Angliyadagi ta’lim tizimi, o‘qish jarayoni haqida so‘zlab berardi. Shundan keyin Britaniyaga bo‘lgan qiziqishim ortgan.

2018-yil esa ushbu maqsadim amalga oshib Angliyaga ilk marotaba Iste’dod jamg‘armasi (hozirgi El-yurt Umidi) tomonidan tashrif buyurganman. Ya’ni o‘sha vaqtda O‘zbekistondan 50ga yaqin o‘qituvchi bir oyda davomida malaka oshirish kurslarida o‘qiganmiz.

Men o‘rgangan kurs esa avvalgi DTM bilan bog‘liq bo‘lib, Testing, Evaluation and Assesment deb nomlanardi. U yerga borib odamlarning yashash ta’rzi, har bir soha bo’yicha rivojlanishini ko’rganimdan keyin esa Angliya universitetlarida o‘qish istagi yanada ortgan.

Birinchi tashrifimdan keyin esa u yerda tanishlarim ko‘pligi sabab yana bir, ikki marta borganman.

angliya, xorijda ta'lim

Foto: Munis Xusanovaning shaxsiy arxividan

Hujjat topshirish haqida

Angliya universitetlariga hujjat topshirish unchalik qiyin emas. Yaxshi tomoni bu yerda hamma ma’lumotlarni universitet veb-saytlaridan olish mumkin. Bu yerda magistratura yo‘nalishiga hujjat topshirgan nomzodlardan kimni qabul qilishni va qilmaslikni universitetning o‘zi ichki mezonlari asosida hal qiladi.

O‘qishga hujjat topshirish esa har bir universitetning sayti orqali amalga oshiriladi. Shundan so‘ng siz topshirgan universitet TOP universitetlar qatorida bo‘lsa ma`lum miqdordagi to‘lov to‘lashingiz zarur. Bu sizni hujjatlaringizni ko‘rib chiqish uchun to‘lanadi. Siz to‘lovni amalga oshirganingizdan keyin esa hujjatlaringizni qabul qilingani va ko‘rib chiqish bosqichida ekanligi bo‘yicha xabarnoma keladi.

Men 90 fund to‘laganman, ammo ba’zi istisnolar mavjud. Agar ariza to‘lovini to‘lamaslik haqida ishonchli dalillar keltirsangiz, ba’zi universitetlar sizning arizangizni bepul ko‘rib chiqishga ruxsat berishi mumkin. Hamma universitetga ham hujjat topshirganda pul to‘lash kerakligini anglatmaydi. Bu jarayonlarning hammasi har bir universitetning o‘ziga bog‘liq, deb o‘ylayman.

Men University College Londonga qabul qilinmasimdan avval yana 5ta oliygohga qabul qilingandim. Bular Warwick University, Leeds University of, Brunel University, University of Bristol, Birkbeck universitlari.

Lekin aynan University College Londonni tanlashimning sababi u QS reytingida 8-o‘rinda turadi. Shuningdek, ta’lim sohasi bo‘yicha qariyib 10 yildan beri dunyodagi 1-o‘rinni egallab kelmoqda. Hatto Oksford, Cambridge universitetlari ham ushbu ta`lim sohasida UCL’dan keyingi o‘rinda.

angliya, xorijda ta'lim

Foto: University College London

Hozir tahsil olayotgan universitetimga hujjatlarimni 2020-yil fevral oyida topshirgan bo‘lsam javobi shu yilning avgust oyida chiqqandi. O‘qish bir oydan keyin boshlanishi va o‘quv pulini hammasini o‘zim to‘lashim sabab o‘qishimni kechiktirganman. Chunki Angliya universitetlarida grant unchalik ajratilmaydi.

Shu bilan 2022-yil fevralda “El-yurt Umidi” jamg‘armasiga oxirgi kuni topshirganman. Taxminan o‘sha vaqtda fond stipendiyasiga 4000ga yaqin odam topshirgandi. O‘shanda men ham g‘olib bo‘lib hozirda Angliyadagi barcha harakatlarimni ushbu fond qoplamoqda. Ko‘p yoshlarning orzulari “El-yurt Umidi” jamg‘armasi bilan birga amalga oshmoqda.

Kerakli hujjatlar. Magistraturada tahsil olish uchun eng asosiy hujjatlardan biri — bakalavr diplomi. Baholaringiz a’lo bo‘lsa undan ham yaxshi. Shuningdek ma`lumotnoma (CV) va IELTS-sertifikati (mendan esa eng kami 7-daraja so‘ralgan) talab qilindi (xalqaro universitetlarni tugatganlardan so‘ralmaydi). Shuningdek, magistr darajasi uchun o‘z sohasi bo‘yicha tajriba ham talab qilinadi.

Viza olish jarayoni

Hujjatlarni tartib bilan ketma-ket to‘g‘ri tayyorlasangiz, vizani 15 ishchi kuni, ya’ni 3 haftada olishingiz mumkin. U yerga o‘qishga ketmasimdan avval viza olishga hujjatlarimni topshirib ko‘rganman va xatolik bo‘lgani sabab bir marta rad javobini ham olgandim. Shu sababdan ham e’tiborli bo‘lish talab qilinadi.

Endi o‘qishga ketadiganlarga esa ertaroq harakat qilishni maslahat bergan bo‘lardim, chunki ketishga yaqin harakatni boshlasangiz ishlaringiz ko‘payib ketishi va stress holatini ham boshingizdan o‘tkazishingiz mumkin. O‘zim ham o‘qishim sentyabrda boshlanishiga qaramasdan, iyul oyida harakatimni boshlaganman.

Hujjatlarni hammasi onlayn amalga oshiriladi. Talab qilinadigan asosiy hujjatlar:

  • xorijga chiqish pasporti;
  • grant yutgan bo‘lsangiz uni tasdiqlovchi hujjat;
  • TB sertifikati. Bu tuberkulyozga bog‘liq hujjat bo‘lib, Toshkentda International clinic tomonidan olinadi.

Agar siz grant yutmasdan o‘z mablag‘ingiz bilan ketayotgan bo‘lsangiz kartangizdagi pullarni va ularning qayerdan kelishi bo‘yicha ham ma’lumotlarni ko‘rsatishingiz zarur. Yana viza uchun maxsus formani to‘ldirish — 12−13 bet qog‘oz variantdan iborat bo‘lgan savollarga ketma-ket javob berish kerak bo‘ladi.

E’tibor qarating, Angliyaga viza olishda siz bilan suhbat bo‘lmaydi, chunki Toshkentda Angliyaga viza beradigan konsullik yo‘q. Shu sababdan TLS agentligi hamma hujjatlarni yig‘ib Turkiyaga jo‘natadi va shu yerdan sizga viza keladi.

angliya, xorijda ta'lim

Foto: shaxsiy arxiv

Angliya va u yerdagi xarajatlar

Bu yerda odamlar har xil aksentlarda gapiradi. Shu sababdan ularga tushunmay qoladigan holatlar ko‘plab uchrab turardi. Lekin hozir o‘rganib ketganman. Shuning uchun ham ingliz tilini o‘rganayotganlarga har xil podkastlarni turli aksentlarda eshitib eshitib tinglash qobiliyatlarini rivojlantirishlarini maslahat bergan bo‘lardim.

Shuningdek, bu ularga o‘zlarini qiziqtirgan sohalarida qanday izlanishlar, yangiliklar bo‘layotganidan xabardor bo‘lishi imkonini ham beradi. Shunda tashrif buyuradigan davlatiga moslashishi va odamlar bilan muloqot qilishida qiyinchiliklar bo‘lmaydi.

Bu yerda raqobat juda kuchli. Mehnat bozori ham yaxshi rivojlangan. Bu yerda ish topish va ishga joylashish oson emas. Shu sababdan odamlar ishini yo‘qotib qo‘ymaslik uchun uch baravar harakat qilishadi. Men ham 30ga yaqin joyga ishga topshirib, ko‘pchilikdan rad javobini olganman.

Kitob va gazeta o‘qish ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Jamoat transportlaridan foydalanishda kirish joyida gazetalarni olib o‘qib ketsangiz bo‘ladi. Barchasi tekin. Bundan tashqari kitob o‘qib o‘tirgan insonlarni ham ko‘p marta uchratganman.

London dunyoning eng qimmat shaharlaridan hisoblanadi. Yashash, oziq ovqat mahsulotlari va transport boshqa shaharlardan biroz qimmat. Bu yerda $2000−3000 topsangiz harajati ham shunga yarasha katta bo‘ladi va bu London uchun yetarli summa emas.

Dastlab turar joy haqida aytadigan bo‘lsam, bu yerda “kvartira” narxi qaysi zonada joylashgani va sharoitiga qarab farqlanadi. O‘rtacha uylar bir oyga minimum 2500−3000 funt sterlingni tashkil etadi.

Agarda xonani o‘zini ijaraga oladigan bo‘lsangiz unda o‘rtacha 900−1200 funt atrofida bo‘lishi mumkin. Shu sababdan ham ko‘pchilik xonani ijaraga olishni ma’qul ko‘rishadi.

angliya, xorijda ta'lim

Foto: shaxsiy arxiv

Kommunal to‘lovlari ham har xil. Masalan bizda hammasi ijara summasida qo‘shilgan. Faqat oyiga 30 funt internetga to‘laymiz. “Kvartira"larni Spare room, Open rent kabi saytlar orqali topsa bo‘ladi. Ya’ni unga shahar nomi va aynan qayeridan kerakli bo‘yicha ma’lumotlar yozishingiz zarur.

Yotoqxonalar esa haftasiga minimum 150, 160 funt. Oyiga o‘rtacha 700, 800 funt bo‘lishi mumkin. Eng yaxshisi esa 1200 funtga boradi.

Men yotoqxona uchun ro‘yxatdan o‘tishga kech qolganim oqibatida kvartiraga turishga majbur bo‘lganman. Arizani iyul oyida vizaga topshirganimdan so‘ng jo‘nataman deb reja qilganimda, qabul muddati 30-iyunda yakunlangan ekan. Shu sababli, bu masalaga e’tiborliroq bo‘lishni maslahat beraman.

E’tibor qarating, bu sizga yotoqxonadan 100% joy olishingizni anglatmaydi. Siz ariza topshirgunga qadar o‘rinlar to‘lgan bo‘lishi mumkin. Shu sabab kutuvchilar ro‘yhatiga kiritishadi va joy bo‘shagan vaqtida xabar berishadi. Masalan, men ham ariza topshirib qo‘yganman va dekabrda xabar berishgan.

Endi keladiganlarga yotoqxonada yashashni maslahat bergan bo‘lardim. Sababi u yerda siz har xil millatdagi odamlar bilan suhbat qurasiz, ularning madaniyatini o‘rganasiz va ingliz tilida muntaz suhbat qurish qobiliyatingizni rivojlantirishingiz ham oson bo‘ladi.

Hozir kvartiramda bitta o‘zbekistonlik, Irlandiya va Indoneziyadan kelgan qizlar bilan yashayman. Ular bilan turish qiziq. Chunki biz biri-birimizni madaniyatimizni o‘rganmoqdamiz. Oziq-ovqatga oyiga minimum 400 funt sarflanadi, chunki biz restoran kafelarda ovqatlanmasdan, o‘zlarimiz uyda ovqat tayyorlaymiz.

Transport. Markaziy Londonda mashinalarning yurishi ham pulli hisoblanadi. Ya’ni avtomobillar har kirib chiqqanida 12 funt to‘lashlari zarur bo‘lgan hududlar bor. Markazda yashaydiganlar ham shaharda harakatlangani uchun alohida summa to‘lashadi.

Transportlardan harakatlanish zonalarga bog‘liq bo‘lib, shunga qarab narxlar ham o‘zgarib boradi. Meni birinchi zonadan ikkinchi zonaga borish uchun paket sotib olaman. Talabalik kartasidan foydalanganim sabab chegirma bilan oyiga 110 funt bo‘ladi. Agarda birinchi zonadan to‘rtinchi zonaga boradigan bo‘lsam bir oylik to‘lov miqdori 400 funtga tushadi.

Agarda chiptani bir martalik harakatlanish uchun talabalik kartasiz oladigan bo‘lsam birinchi zonadan ikkinchi zonaga avtobus uchun 1,75 funt metro uchun 2,80 bo‘ladi. Tirband vaqtlari metro uchun to‘lov yanada qimmatlashadi.

Shuningdek, universitet atrofi va shahar bo‘ylab vilosipedlarda harakatlanish urfga aylangan. Yarim soatga ijaraga olganimda narxi 1,60 funt bo‘lgandi, lekin minimum 50−100 fundga vilosipedni o‘zini ham sotib olish mumkin.

angliya, xorijda ta'lim

Foto: shaxsiy arxiv

Talabalarning ishlashi. Bu yerda talabalar darsdan tashqari ishlashi mumkin. Ya’ni ular haftasiga 20 soat, ta`til paytlari esa undan ham ko‘p ishlashiga ruxsat berilgan. Lekin, ularning qayerda va kim bo‘lib ishlashi bo‘yicha qa’tiy talab yo‘q. Ofitsantlikdan tortib, katta tashkilotlarda ham ishlasa bo‘ladi. Oylik masalasi ham sizni qiladigan ishingizga bog‘liq. Masalan, men universitetda ko‘ngilli bo‘lib ishlaganimda soatiga 13 funt to‘lashardi.

Lekin mamlakatda mehnat haqqi asosan oylik hisobida emas yil hisobida taklif qilishadi. Ya’ni o‘rtacha ishlarga 15,000,17,000 funt, o‘zingzni sohangiz bo‘yicha esa 40,000 — 50, 000 funt yoki undan ham ko‘p topishingiz mumkin.

Ta’lim sohasi haqida

Angliya ta’lim tizimi boshqa davlatlarga nisbatan juda yaxshi rivojlangan. Buning sababi bu yerda o‘qishga qabul qilinish oson, tugatib chiqish qiyinligida, deb o‘ylayman. Shu sababdan talabalar ko‘p o‘qib, o‘z ustilarida ishlashadi.

Fanlarni o‘zlashtirish kredit-modul tizimi orqali amalga oshiriladi. Masalan, menga umumiy 180 kredit, fanlarga 120, dissertatsiyamga 60 kredit berilgan. Darslar davomiyligi — har bir leksiya 50 daqiqani tashkil etadi. O‘qish davomida men har semestrda 2, ya’ni umumiy 4 fan o‘rganganmiz.

O‘qish esa haftasiga 2 kun. Qolgan vaqtimni kitob o‘qish, ilimiy ishlar yozishga sarflardim, chunki bitta fandan haftasiga minimum 200 bet, ya’ni haftada 400ga yaqin bet o‘qishimiz kerak edi. O‘qigan kitoblaringizni esa anglab tushunishimizga vaqt ketadi. Ular asosida tuzilgan vazifalarni har hafta kichik guruhlarda muhokama qilib onlayn joylab borishimiz zarur.

Bu yerda guhurimizda leksiya paytida 150ta, seminarda esa 40ta magistr o‘tirardik. Ular juda ham ko‘p bo‘lsa ham dars paytida guruh bo‘lib ishlash sabab ko‘pchilik bilan yaqindan tanishib olganmiz. Ularning eng ko‘pi Xitoy, Indozeiya, Hindiston, Ozarbayjon, Serbiya, Yaponiya, Malavi, Kenya va Amerika kabi mamlakatlardan. Shuningdek, universitetda 6ta o‘zbek talabalar ham bor, ammo ular Angliyada tug‘ilib, katta bo‘lganlar.

angliya, xorijda ta'lim

Foto: shaxsiy arxiv

Dars jarayonlari. Rostini aytsam menga bu yerda magistaruraning bir yillik ekanligi yoqdi. Lekin o‘sha vaqt oralig‘ida siz o‘z ustingizda ko‘p o‘qib izlanishingiz zarur.

Yaxshi tomoni, bu yerda talabalar orasida dars paytida eshitib kompyuterda tezlik bilan ma`lumotlar yozib olish zo‘r rivojlangan. Buni men birinchi darsga qatnashganimda guvohi bo‘lganman.

Dars jarayonimiz esa asosan ilm bilan bog‘liq. Yana bir hayron qoldirgan narsa bu yerda dars jarayonlarida deyarli qog‘oz chiqarilmaydi, chunki uni chiqartirish ham pullik.

Professorlar va talabalar o‘rtasida munosabat juda ham do‘stona. Ular o‘zlarini professor deb chaqirmasdan ismini aytib chaqirishni maqul ko‘rishadi. Qiziqtirgan yoki tushunmagan joyingiz bo‘lsa ular bilan elektron pochtasi orqali bog‘lanib so‘rashingiz yoki bilan uchrashuv belgilab olishingiz mumkin. Ya’ni siz professor bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri borib uchrasha olmaysiz.

Ular dunyodagi ta’lim sohasi bo‘yicha bilimga ega bo‘lganlari sabab ta’lim sohasida tanqidiy va tahliliy fikr bildirishni ham o‘rgatishadi.

Shuningdek bu yerda talabani dars qoldirmasligi va tushunishi uchun ham imkoniyatlar yaratilgan. Ya’ni bir kuni meni sog‘lig‘im bilan muammo bo‘lganda darsga Zoom orqali onlayn qatnasha oldim.

Imtixonlar. Meni yo‘nalishimda umuman yakuniy imtixonlar yo‘q. Biz semestr yakunida har bir fandan 5000ta so‘zlik tadqiqotga asoslangan yuzlab adabiyotlardan foydalangan holda insho yozib beramiz. O‘shanga qarab bizni yakuniy baholarimiz ham qo‘yilardi.

Ammo siz qaysidir fandan o‘ta olmasangiz, qayta topshirish uchun bir marta imkoniyat beriladi. Ikkinchisida esa o‘zingiz pul to‘lashingiz zarur.

Dars jarayonida yozadigan insholarimizni ilmiy ishdan kam joyi yo‘q, chunki ularni yozish uchun ko‘plab kitoblar o‘qiymiz, o‘z ustimizda ishlaymiz. Masalan, men bitta inshomni ilmiy maqola qilib chiqarganman va Parijda ilmiy konferensiyada qatnashganman.

angliya, xorijda ta'lim

Foto: shaxsiy arxiv

Talabalarga yaratilgan imkoniyatlar haqida

Angliya universitetlari talabalarni qo‘llab-quvvatlash uchun juda ko‘p ishlarni amalga oshiradi. Menga yoqqan narsalardan biri ruhan va psixologik tomondan qo‘llab-quvatlovchi “Mental health and wellbeing” xizmatlari yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Ya’ni bunda talaba stress holatida bo‘lsa, yoki oilasini sog‘inib ruxan tushkinlikga tushganda ushbu xizmat ularga yordam beradi.

Shuningdek, moliyaviy muommolar yuzaga kelgan paytda universitet ularga moddiy tomondan yordam beradi. Bundan tashqari, har xil til kurslari va to‘garaklar ham bevosita tashkil etilgan. Men shundan UNICEF, Xalqaro taraqqiyot kabi talabalar klublariga hamda chizish to‘garagiga a’zo bo‘lganman. Chunki, ko‘p kitob o‘qiganimiz sabab ba’zi paytlari charchayman va rasm chizish esa menga ruhiy taskin topishimda yaxshi yordam beradi.

Universitet tomonidan tashkil etilgan karyera bo‘limlarida esa har hil soha bo‘yicha vakansiyalarni topish mumkin. Bundan tashqari, ishga topshirganda rezyumelarni qanday tayyorlash bo‘yicha ham foydali ma’lumotlar beriladi. Akademik markazlarda esa qanday qilib insholarni yaxshi yozishni o‘rgatish bepul yo‘lga qo‘yilgan.