Qatar kompaniyasi O‘zbekistonda qurilish materiallarini ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bu bo‘yicha, vazir Laziz Qudratov mamlakatning “Qatar National Cement” kompaniyasi ijrochi direktori Essa Kaldari bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Unda qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Kompaniya vakillari mamlakat hududlarida o‘tkazilgan o‘rganish natijalaridan kelib chiqib, tarmoq salohiyatiga yuqori baho berdi, deyiladi xabarda.

Tomonlar hamkorlikni rivojlantirish va muhokama qilingan loyihalar bo‘yicha ishlarni tezroq boshlash yuzasidan qo‘shma choralar ko‘rishga kelishib oldi.

Qatar National Cement” kompaniyasi 1965-yilda tashkil etilgan. Mamlakatning sementga bo‘lgan talabining 100%ini qoplaydi.

Yillik ishlab chiqarish quvvati 8 mln tonnani, yillik daromadi $1 mlrdni (2022 yil) tashkil etadi. Kompaniya ishchilari soni — 2 mingta.

Oktabr oyi boshida O‘zbekiston va Qatar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan hujjatlar imzolangandi. Joriy yilning iyun oyida O‘zbekiston va Qatar o‘rtasida 15ta hujjat imzolangandi.

Shuningdek, iyun oyida Qatar fuqarolari uchun O‘zbekiston hududiga kirgan kundan e’tiboran 30 kunlik muddatga vizasiz rejim belgilandi.

Oktabr oyida esa Qatar O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy qildi. Bunda fuqarolar qaytish chiptasi hamda xorijga chiqish pasporti 6 oydan kam bo‘lmagan muddatga amal qilishi sharti bilan 30 kungacha bo‘lishlari mumkin.