O‘zbekistonga olib kiriladigan mini texnikalar uchun bojxona imtiyozlari uch yilga uzaytiriladi. Bu haqda prezident huzurida o‘tkazilayotgan videoselektorda ma’lum qilindi.

Kelasi yildan bog‘ va tokzorlarga hosildorligi va tushumiga qarab tabaqalashgan yer solig‘i stavkalari joriy qilinadi.

Davlat korxonalari balansidagi nosohaviy bog‘ va tokzorlarni tadbirkorlarga taklif qilish topshirildi.

Tomorqalarda ertaki va takroriy ekinlar maydonini 1,61 mln gektarga yetkazib, 500 ming aholini band qilishi zarurligi ta’kidlandi.

Tomorqa egalariga zarur mini texnika uchun bojxona imtiyozlarini 2027-yilgacha uzaytirish belgilandi.

Bu yilgi paxta hosilini to‘liq qayta ishlash natijasida 2024-yilda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni $9,6 mlrdga, eksportni esa $4,5 mlrdga yetkazish hisob-kitob qilindi.

Buning uchun gazlama-mato, bo‘yash va tikuvchilik bo‘yicha quyidagi qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari yaratib beriladi:

  • bo‘yalgan matoni 50%dan kam bo‘lmagan qismini ichki bozorga sotgan korxonalar ijtimoiy soliqni 1% stavkada to‘laydi, ularga mol-mulk solig‘ini 3 yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi;
  • 2025-yilgacha paxta va sun’iy tolani import qilishda transport xarajatlarining 50%i qoplab beriladi.

Shuningdek, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalari uchun zarur texnologik uskunalar va ularning ehtiyot qismlarini import qilishda bojxona boji qo‘llanilmaydi.

Avvalroq chorvachilik mahsulotlarini yetishtirishga ajratiladigan yer maydonlarining o‘lchami oshirilgani haqida xabar berilgandi. Chorva ozuqasi ekinlarini yetishtirish uchun ayrim hududlarda 0,06 gektardan 5 gektargacha o‘lchamda yer uchastkalari beriladi.