Avvalroq Markaziy bank O‘zbekiston hududida valyuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga o‘zgartirish kiritishga qaratilgan qaror loyihasini muhokamaga qo‘ygandi.

Loyiha bilan tadbirkorlarning chet el valyutasini sotib olishi ustidan nazoratni kuchaytirish taklif etilmoqda. Regulyator bu bo‘yicha bildirilayotgan taklif va mulohazalarga munosabat bildirdi.

Unga ko‘ra, mazkur loyiha prezident va hukumat qarorlari talablariga muvofiqlashtirish hamda valyuta operatsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha murojaatlardan kelib chiqib tayyorlangan.

Kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar valyuta operatsiyalarini cheklash yoki qat’iylashtirishni emas, balki amalda mavjud normalarga aniqlik kiritish, ayrim operatsiyalarni amalga oshirish jarayonini soddalashtirish hamda tarqoq normalarni umumlashtirishni nazarda tutadi, deyiladi xabarda.

Loyihada quyidagilar nazarda tutilmoqda:

  • yangi qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiqlashtirish;
  • amaldagi normalarni turli xil talqin qilish holatlarining oldini olish maqsadida, xo‘jalik yurituvchilar tomonidan chet el valyutasini sotib olishda banklarga taqdim qilinishi lozim bo‘lgan hujjatlarni aniq belgilash;
  • chet el valyutasini sotib olish buyurtmanomalarini ko‘rib chiqish jarayonini soddalashtirish;
  • xo‘jalik yurituvchilar hamda norezident jismoniy shaxslarga valyuta operatsiyalarini amalga oshirishda qo‘shimcha qulayliklar yaratish;
  • bank kassalari orqali mijozlarga naqd chet el valyutasini chiqim qilish bilan bog‘liq normalarni umumlashtirish.

Markaziy bank OAVda bildirilgan takliflar loyihani takomillashtirish davomida ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi.

Qaror loyihasi bilan batafsil bu yerda tanishish, fikr-mulohazalarni esa 19-noyabrgacha jo‘natish mumkin.


Avvalroq Markaziy bank so‘m belgisi uchun yangi tanlov e’lon qilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. O‘tgan yili regulyator jamoatchilik tanqididan so‘ng g‘olib bo‘lgan ramzni tasdiqlash jarayonini bekor qilgandi.