16-noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Toshkent” xalqaro aeroportida yo‘lovchilar unutib qoldirgan yuklar sotilishi bilan bog‘liq xayriya aksiyasi haqida xabarlar tarqaldi. Bu bo‘yicha “Uzbekistan Airports” boshqaruv kompaniyasi bayonot berdi.

Kompaniya qayd etishicha, O‘zbekistonning 11ta xalqaro aeroportlari, “UzSargo” va “Uzbekistan Airports Handling” sho’ba korxonalari tomonidan yo‘lovchilarning unutilgan yuklari sotilmaydi hamda uchinchi shaxslarga topshirilmaydi.

Natijada, yuqoridagi mazmundagi xabarlarni haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini tushunish mumkin. “Barcha yo‘qolgan yuklar aeroport omborlarida 3 oy mobaynida saqlanadi va muddat tugashi bilan utilizatsiya qilinadi”, deyiladi xabarda.

“Uzbekistan Airports” yolg‘on ma’lumotlarga ishonmaslikka va firibgarlarga pul o‘tkazmaslikka chaqirmoqda.

So‘ngg kunlarda bu kabi firibgarlik holatlari tez-tez kuzatilmoqda. Noyabr oyi boshida “O‘zbekneftgaz” ijtimoiy tarmoqlardagi firibgarlikdan ogohlantirgandi. Oradan bir hafta o‘tib, kompaniya bu kabi firibgarlik haqida yana ma’lum qildi.