“Picodi.com” mutaxassisslari 85ta mamlakatdagi 364ta provayderning cheksiz uy-optik tolali internet takliflarini tahlil qildi.

O‘zbekiston dunyodagi eng arzon Internet bo‘yicha 23-o‘rinni egalladi. 100 Mbit/s tezlikdagi internetga ulanish narxi mamlakat fuqarolariga oyiga $17,6ga tushadi.

Dunyodagi eng qimmat internet Norvegiyada qayd etilgan, mamlakatda aholi 100 Mbit/s uchun oyiga $79,4 to‘lashadi. Shuningdek, internet eng qimmat bo‘lgan mamlakatlar beshligidan Islandiya (oyiga $62,1), Avstraliya ($61,8), Shveysariya ($56,9) va Irlandiya ($52,8) joy olgan.

Eng arzon internet aloqasi Rossiyada bo‘lib, u yerda 100 Mbit/s ulanish oyiga $6dan kam turadi. Keyingi o‘rinlarda Ukraina ($6,1), Ruminiya ($6,4), Vetnam ($6,7) hamda Moldova ($7,7) turibdi.

“Picodi” mutaxassislari 1 Gbit/s tezlikdagi internet narxlarini ham solishtirdi. Oxirgi 4 yil ichida dunyoda gigabitli ulanish narxi o‘rtacha 15%ga arzonlashdi, bunday tezlik taklif qilinadigan mamlakatlar soni esa ikki barobarga oshdi.

Xususan, 1 Gbit/s (oyiga $8,2) tezlikdagi tarif uchun eng kam Ukraina aholisi to‘lashadi. Keyingi o‘rinlarda Ruminiya va Rossiya — taxminan $10.

O‘zbekiston 1 Gbit/s tezlikka ega davlatlar ro‘yxatida yo‘q. Biroq, “Uztelecom” 3,2 mln so‘m evaziga gigabit internet bilan ta’minlovchi “UNLIM 1000” tarifini taklif etadi.

Shunday qilib, O‘zbekiston yuqori tezlikdagi Internet narxi bo‘yicha reytingning eng yuqori pog‘onasidagi Venesueladan keyingi o‘rinda turibdi. Mamlakatda 1 Gbit/s ulanish aholi uchun $300dan oshadi.

Sentabr oyida qabul qilingan prezident qarori bilan BMTning elektron hukumat reytingida TOP-30talikka kirish vazifasi qo‘yilgan. Joriy yilning 1-noyabridan “oxirgi milya” tamoyili asosida aholi xonadonlariga keng polosali Internet tarmoqlarini olib borishga qaratilgan hamkorlik dasturi amalga oshirilishi belgilangan.

2024-yil yakunigacha magistral telekommunikatsiya tarmog‘i va aholi yashash maskanlarida qo‘shimcha 50 ming kilometr optik tolali aloqa liniyalari quriladi.