Toshkentda Migratsiya siyosatini rivojlantirish xalqaro markazining (ISMPD) vakolatxonasi ochilishi mumkin. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining matbuot xizmati xabar berdi.

Agentlik mazkur xalqaro markazining mehnat migratsiyasi sohasidagi vakillari bilan uchrashuvi o‘tkazildi.

Tomonlar poytaxtda Migratsiya siyosatini rivojlantirish xalqaro markazining vakolatxonasini ochish masalasi muhokama qilindi.

Shuningdek, “Buyuk Ipak yo‘li mamlakatlarida migratsiya boshqaruvini takomillashtirish” loyihasi doirasida hamkorlik qilish hamda mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha doimiy amaliyotlarni tashkil etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Migratsiya siyosatini rivojlantirish xalqaro markazi 20ta a’zo davlat va 487dan ortiq xodimni o‘z ichiga olgan xalqaro tashkilot hisoblanadi. Markaz 1993-yilda tashkil etilgan bo‘lib, asosiy binosi Venada joylashgan.

Dunyoning 90dan ortiq mamlakatlarida faoliyat yuritib, migratsiya bo‘yicha samarali hamkorlik va sheriklik munosabatlarini yaratishda mintaqaviy yondashuvni qo‘llaydi. ISMPD BMT kuzatuvchisi maqomiga ega va 715dan ortiq tashkilot bilan hamkorlik qiladi.

Avvalroq Germaniyaning Gera savdo-sanoat palatasi o‘zbekistonliklarni mamlakatga ishga jalb qilishga yordam berishi ma’lum qilingandi. Fuqarolarni nemis tiliga o‘qitish, kasbga tayyorlash va mamlakatda ishga joylashtirish rejalashtirilgan.

“Spot”, shuningdek, Migratsiya agentligi Rossiyada ishlayotgan fuqarolarga ogohlantirish bilan chiqqani haqida xabar berdi. Agentlik migrantlardan norasmiy kuryerlik xizmatlarida ishlamaslikni, pul evaziga shubhali buyumlarni yetkazib bermaslikni yoki mahsulotni tekshirib ko‘rish kerakligini so‘ramoqda.