Prezidentning 17-noyabrdagi “Ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida"gi farmoni bilan ish haqi, pensiya va nafaqalar oshiriladi.

Unga ko‘ra, joriy yilning 1-dekabridan ish haqi, pensiyalar va ijtimoiy nafaqalar 7%ga oshirilishi belgilangan.

Xususan, pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori 372 ming so‘m, yoshga doir eng kam pensiya miqdori 725 ming so‘m hamda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 1 mln 50 ming so‘mni tashkil etadi.

Buning natijasida 4,5 mln kishining pensiya va nafaqalari miqdori ko‘payishi ta’kidlangan.

Farmon bilan quyidagi nafaqa va pensiya turlari ham oshirilmoqda:

  • nogironlik pensiyalari, jumladan ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori — 800 ming so‘m;
  • mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi va bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa — 800 ming so‘m;
  • belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan (725 ming so‘mdan) 800 ming so‘mgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir pensiyalari — 800 ming so‘m;
  • zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa — 608 ming so‘m;
  • ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda — 608 ming so‘m;
  • o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga beriladigan nafaqa miqdori — 608 ming so‘m;
  • boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa miqdori — oyiga 608 ming so‘m etib belgilanadi va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun — 212 ming so‘mdan qo‘shiladi.

Shuningdek, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori oyiga 608 ming so‘m etib belgilanadi va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun amaldagi tartibga muvofiq pensiya to‘lanadi.

Barcha budjet tashkilotlari xodimlarining oylik maoshlari dekabrdan boshlab 7%ga oshgan holda hisoblanadi.

Bazaviy hisoblash miqdori 1-dekabrdan 3% miqdorida o‘zgarib, 340 ming so‘m etib belgilanmoqda. (Bungacha BHM 330 ming so‘mni tashkil etgandi).

2023-yil davomida ish haqi, pensiya va ijtimoiy nafaqalar jami 14,5%ga oshirilib, bazaviy hisoblash miqdori esa bundan kamroq, ya’ni 13%ni tashkil etdi.

Joriy yilning 1-aprelidan pensiya va nafaqalar miqdori, 1-mayidan esa mehnatga haq to‘lash miqdorlari 7%ga oshirilgandi. 1-avgustidan esa zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori oshirilgandi.