Prezident farmoni bilan 1-apreldan pensiya va nafaqalar miqdori, 1-maydan mehnatga haq to‘lash miqdorlari oshiriladi.

Unga ko‘ra, pensiya va nafaqa hamda mehnatga haq to‘lash miqdorlari 7%ga oshirilishi belgilangan.

Xususan, pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori 347 ming so‘m etib, yoshga doir eng kam pensiya miqdori 677 ming so‘m etib, nogironlik pensiyalari, jumladan, ish staji to‘liq bo‘lmagan vaqtdagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori 747 ming so‘m etib belgilanmoqda.

Zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori 535 ming so‘m etib belgilandi.

Shuningdek, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 980 ming so‘m etib, bazaviy hisoblash miqdori 330 ming so‘m etib belgilanmoqda.

Qayd etilishicha, natijada qariyb 2 mln nafar budjet tashkiloti, maktab, bog‘cha, shifoxona kabi ijtimoiy sohalarda faoliyat yuritayotgan xodimlar maoshi oshiriladi.

Buning uchun budjetdan umumiy 8,1 trln so‘m ajratiladi.

Mamlakatda oxirgi marta 2022-yilning may oyida pensiya va nafaqalar miqdori 12%ga oshirilgandi.