Jizzax hamda Farg‘ona viloyatlarida imtiyozli narxda sotish uchun ajratilgan ko‘mirni talon-toroj qilish holatlari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departamentning matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanidagi bir nechta aholining murojaatiga asosan “Ko‘mir ta’minot” korxonasining Jizzax ko‘mir omborida tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi.

Ko‘mir ombori mas’ullari 1 556 tonna ko‘mirni boshqa shaxslarga sotib, 765 tonna ko‘mirni 160ta xonadonga imtiyozli narxda sotilganligi to‘g‘risida soxta hujjatlar rasmiylashtirganliklari aniqlandi.

Departamentning Jizzax viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Ko‘mir ta’minot” MChJning Forish ko‘mir ombori mas’ullari boshqalar bilan til biriktirib, jami 1 041 tonna ko‘mirni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani ma’lum bo‘ldi.

Mazkur shaxslar kuz-qish mavsumi uchun go‘yoki 410ta xonadonga imtiyozli narxda ko‘mir sotilganligi to‘g‘risidagi soxta hujjatlarni rasmiylashtirgan.

Shuningdek, departamentning Farg‘ona tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Ko‘mir ta’minot” MChJning Quvasoy ko‘mir ombori mudiri tomonidan bu kabi qonun buzilish holati kuzatilgan.

Ombor mudiri E.U. va boshqalar imtiyozli narxlarda aholiga sotish uchun ajratilgan 1 284 tonna ko‘mirni bozor narxida sotib yuborib, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Samarqandda 2,2 mlrd so‘mlik tabiiy gaz talon-toroj qilingani haqida xabar berilgandi.