Samarqandda olib borilgan nazorat tadbirlarida tabiiy resurslardan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament matbuot xizmati xabar berdi.

Departamentning Pastdarg‘om tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “S.” MChJ mas’ullari gaz “zapravka"ning gaz hisoblash uskunasiga tashqi ta’sir o‘tkazib, jami 2 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganliklari ma’lum bo‘ldi.

Oqdaryo tumanida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda to‘yxonaning hech qanday hujjatsiz gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulangani aniqlandi. “S.B.” xususiy korxonasi rahbari A.A. “Ishtixontumangaz” hududiy bo‘limi chilangari A.J. yordamida amalga oshirib, jami 231,2 mln so‘mlik tabiiy gazni talon-toroj qilgan.

Bundan tashqari, Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanida olib borilgan tergovga qadar tekshiruvda “M.M.” MChJ mas’ullari va boshqalar tomonidan tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi.

Xususan, mazkur MCHJga qarashli ehtiyot qismlar ishlab chiqarish sexidagi gaz hisoblash uskunasiga o‘rnatilgan tamg‘a buzilib, jami 236,5 mln so‘mlik tabiiy gaz talon-toroj qilingan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) va 185−2-moddasi (elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Noyabr oyining dastlabki 10 kunida elektr energiyasi va tabiiy gazdan jami 14,9 mlrd so‘mlik noqonuniy foydalanish holati aniqlangandi. Sentabr oyida elektr va tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish natijasida tizimga 111,2 mlrd so‘m zarar yetkazilgani ma’lum qilingandi.