O‘zbekiston Mo‘g‘uliston bilan o‘zaro aviaqatnovlarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Montsame” axborot agentligi xabar berdi.

Bu bo‘yicha Mo‘g‘ulistonning Yo‘l va transportni rivojlantirish vaziri Sandangiyn Byambatsogt hamda O‘zbekistonning Xitoy va Mo‘g‘ulistondagi elchisi Farhod Arziyev o‘rtasida uchrash o‘tkazildi.

Vazir Byambatsogt hukumatlararo “Havo qatnovi to‘g‘risidagi bitim"ni yangi havo qatnovining huquqiy talablari hamda dolzarbligidan kelib chiqib, yangilash istagini bildirdi. Mazkur bitim natijasida tomonlar o‘rtasidagi tranzit yo‘lovchilari soni va mamlakatlarning iqtisodiy aylanmasi O‘zbekistondan meva-sabzavot tashish hisobiga ortadi.

Qayd etilishicha, ikki davlat transport vazirliklari o‘rtasida tranzit tashish uchun 100ta va uchinchi davlatlarga 50ta ruxsatnoma almashilib, bayonnoma bilan tasdiqlangan.

Joriy yilning 15-noyabr holatiga, O‘zbekiston hududidan Mo‘g‘uliston chegarasini yuk ortilgan 85ta avtomobil kesib o‘tgan. Shundan kelib chiqib, har ikki tomon hukumatlararo kelishuv tuzilmaguncha, mo‘g‘ul avtotransport vositalaridan yuqori to‘lovlar undirmasdan, transport ruxsatnomalarini almashishni taklif qilindi.

Kelishuv natijasida Yevropadan tovarlar O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston orqali Xitoyga, Mo‘g‘uliston va Xitoydan esa O‘zbekiston orqali Yevropa, Eron, Pokiston va Hind okeani portlariga yetkazib beriladi.

Tomonlar ikki davlat o‘rtasida havo qatnovi va xalqaro transport tashuvlari to‘g‘risida bitim tuzishga kelishib oldi.

Avvalroq O‘zbekiston va Qirg‘iziston Tokioga qo‘shma aviareys yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.