Prezident farmoni bilan ayrim normativ huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Xususan, “Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorga kiritilgan o‘zgartirish bilan yo‘llar bo‘yida joylashgan maktablar oldida maxsus foto-video qayd etish vositalari o‘rnatiladi.

Ular yordamida kamida to‘rt tasmali yo‘llardagi piyodalar o‘tish joylarida hamda yo‘l-transport hodisalar o‘choqlarida belgilangan tezlikni oshirish, piyodalarni o‘tkazmaslik va fuqarolarning yo‘lni belgilanmagan joydan kesib o‘tishi kabi qoidabuzarliklar aniqlanadi.

Shuningdek, “Tibbiyot muassasalari xodimlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonining 1-bandiga ham tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.

Mazkur bandda nazarda tutilgan 2024-yildan IIV tizimidagi tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga (maxsus va harbiy unvonga ega bo‘lgan xodim hamda harbiy xizmatchilardan tashqari) nisbatan ham tatbiq etiladi:

Bunda oylik lavozim maoshlari quyidagicha oshirilishi nazarda tutilgan:

  • oliy va birinchi malaka toifalariga ega bo‘lgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun — 15%ga;
  • ikkinchi malaka toifasiga ega bo‘lgan va toifaga ega bo‘lmagan, shuningdek, boshqa tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun — 10%ga;
  • tibbiyot muassasalarining boshqa xodimlari uchun — 15%ga .

Avvalroq maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari atrofida transport vositasining tezligi qoidabuzarliklarni aniqlovchi maxsus moslamalar yordamida nazorat qilinishi haqida xabar berilgandi.

Tegishli yo‘l belgilari o‘rnatilgan maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlariga yetmasdan va o‘tib ketib 300 metrdan kam masofada avtomobil tezligini soatiga 30 kilometrdan oshirmasdan harakatlanshga ruxsat etiladi.