Shavkat Mirziyoyev raisligida 29-noyabr kuni qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan oqilona foydalanish va yo‘qotishlarni kamaytirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Suv resurslarining 20%i mamlakatda, katta qismi qo‘shni davlatlarda shakllanadi. Iqlim o‘zgarishi oqibatida suv manbalari yil sayin kamayib bormoqda. Transchegaraviy daryolarni boshqarish bo‘yicha vaziyat jiddiyligi ta’kidlandi. Bularning ta’sirida 2030-yilga borib O‘zbekistonda suv tanqisligi 15 mlrd kub metrga yetishi prognoz qilinmoqda.

Lekin shu holatda ham suvdan samarasiz foydalanilayapti. Mamlakatdagi jami suv resursining 90%i qishloq xo‘jaligida sarflanyapti. Masalan, mamlakatda bir gektar paxta maydonini sug‘orish uchun yiliga 10−11 ming kubmetr suv sarflanadi.

Iqlimi va yeri O‘zbekistonnikiga o‘xshash mamlakatlarda bundan 2−3 baravar kam suv ishlatilayotgani va bu suvni to‘g‘ri boshqarish, isrof qilmaslik hisobiga ekani ta’kidlandi.

Suv xo‘jaligiga har yili o‘rtacha $1 mlrd mablag‘ yo‘naltirilmoqda. Bu soha budjetdan mablag‘ olish bo‘yicha ta’lim, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligidan keyin 4-o‘rinda turadi.

Ammo tizimda hisob-kitob to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani, suv resurslarini boshqarishda eskicha yondashuvlar saqlanib qolgani uchun samara kamligi qayd etildi.

Yig‘ilishda bu sohadagi muammolar, yangi tashabbus va vazifalar muhokama qilindi. Davlat rahbari bir yil davomida suvni tejash bo‘yicha favqulodda ish tizimiga o‘tilishini ta’kidladi.

Birinchi muhim vazifa — kanal va ariqlarni betonlash.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, betonlanmagan irrigatsiya tarmoqlarida yiliga o‘rtacha 14 mlrd kub metr yoki 36% suv hech qanday iqtisodiy samarasiz isrof bo‘layapti.

Eng ko‘p suv yo‘qotishlari Qoraqalpog‘iston , Namangan, Navoiy, Xorazm va Buxoroga to‘g‘ri keladi. Kanallarning oxirida joylashgan 175 ming gektar ekin maydonida suv ta’minoti juda og‘ir.

Umuman, suv yo‘qotishlari oqibatida iqtisodiyotda yiliga $5 mlrd daromad boy berilmoqda. Shu bois suv xo‘jaligida “kanallarni betonlash bo‘yicha zarbdor yil” e’lon qilindi.

Kelgusi yilda 1 ming 500 kilometr, ya’ni bu yilgiga nisbatan 4 barobar ko‘p yirik kanallarni betonlash vazifasi belgilandi. 2025-yildan kamida 2 ming kilometrdan kanallarni betonlashga o‘tiladi.

Buning uchun noyabr-mart oylari eng qulay vaqt ekani, loyihasi tayyor kanallarda qurilishni hozirdan boshlash kerakligi qayd etildi.

kanallar, prezident, soliq, suv resurslari, suv xo'jaligi, videoselektor

Viloyat va tuman hokimlariga bir yil ichida 3 500 kilometr ichki tarmoqlarni beton qoplamaga o‘tkazish topshirildi. Bundan manfaatdor klaster va fermerlarga maxsus texnika va qurilish materiallaridan yordamlashib, xarajatlarni 2 karra kamaytirish mumkinligi aytildi.

Ikkinchi muhim vazifa — suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish.

Mamlakatda 4,3 mln gektar sug‘oriladigan yer bo‘lib, shundan 30%iga suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan. Bunday klaster va fermer xo‘jaliklarida suv 30−40%ga, o‘g‘it va yoqilg‘i 25−30%ga tejalishi bilan birga hosildorlik oshgan.

Lekin, suv yetkazish tannarxi juda qimmat bo‘lgan Qashqadaryoda bunday usulda sug‘oriladigan yerlar atigi 16%ni tashkil etadi.

Suv tejashda eng sodda agrotexnik tadbir bo‘lgan yerni lazerli tekislash ishlari ham yetarli emasligi ta’kidlandi. Bunday maydonlar Qashqadaryo, Samarqand va Toshkent viloyatlarida 10%dan kam.

Buning sabablaridan biri suv tejovchi texnologiyani joriy qilgan fermerlarga kredit foizining bir qismini qoplash tartibi ishlamayotganida. Shu bois yig‘ilishda bu bo‘yicha yangicha moliyalashtirish tizimi belgilandi.

Unga ko‘ra, klaster va fermerlarga suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish uchun ikki yillik imtiyozli davr bilan besh yilga 14%li kredit ajratiladi. Buning uchun ochiq-oshkora platforma ishga tushiriladi. Ham bank bilan, ham ta’minotchilar bilan shartnoma elektron platforma orqali onlayn imzolanadi.

Mutasaddilarga buning moliyaviy-tashkiliy jihatlari bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Suv tejash joriy etilgan maydonlarni har yili kengaytirib borish, Turkiya, Ispaniya va Xitoyning bu bo‘yicha tajribasini o‘rganish muhimligi ta’kidlandi.

Kelgusi uch yilda ham qishloq xo‘jaligi texnikasining 15%i va lazerli tekislagichning 30%ini subsidiyalash amaliyoti davom ettiriladi. 2026-yilgacha hamma ekin yerlari lazerli tekislanadi. 2026-yildan keyin lazerli tekislanmagan yerlarga nisbatan yer va suv soliqlari keskin oshiriladi.

Uchinchi muhim vazifa — suvni yetkazish xarajatlarini qisqartirish.

Bugungi kunda klaster va fermerlarga yetkazib berilayotgan har 1 kubmetr suvga o‘rtacha 212 so‘m xarajat qilinayapti. Lekin Buxoro, Qashqadaryo va Namanganda bu 2−3 barobar qimmat.

Shu bilan birga, suv xarajatining 63%i nasos stansiyalari hissasiga to‘g‘ri keladi. Xususan, sug‘orish uchun yiliga 7 mlrd kilovatt soat elektr energiyasi sarflanadi. Chunki suv nasoslarining 80%i eskirgan, energiya sarfi yuqori.

Davlat rahbari bu xarajatlarni kamaytirish va samaradorlikni oshirishning eng to‘g‘ri yo‘li — nasoslarni modernizatsiya qilish va ularni boshqarishni xususiy sheriklikka berish ekanini ta’kidladi.

kanallar, prezident, soliq, suv resurslari, suv xo'jaligi, videoselektor

Bu borada bir nechta loyiha boshlangan. Bu ishlarni jadallashtirib, xalqaro moliya tashkilotlari ishtirokida 95ta nasos stansiyasini yangilash, kelgusi yil boshida yana 118tasi bo‘yicha tender e’lon qilish vazifasi qo‘yildi.

Shu bilan birga, xorijiy kompaniyalar 268ta nasosni boshqaruvga olish tashabbusini bildirgan. Bu choralar orqali kelgusi yili nasoslarning elektr sarfini 300 mln kilovatt soatga, keyingi uch yilda esa 1,5 mlrd kilovatt soatga kamaytirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.

Suv xo‘jaligi vazirligiga xalqaro moliya tashkilotlari bilan birga, nasoslarni modernizatsiya qilish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqish topshirildi.

Sohada zamonaviy boshqaruvni joriy etish, suv hisobini yuritish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Suv xo‘jaligi vaziri, hokimlar va boshqa rahbarlarning axboroti eshitildi.