Jahongir Po‘latov 29 yoshda. Yosh tadbirkor bugungi kunga qadar bir qator loyihalarga asos solgan, ular qatorida “Cambridge” o‘quv markazi, “Mars IT School”, “Modme” startapi kabilar bor.


Kitobga yoshligimdan mehr qo‘yganman. Hanuz kechagidek yodimda — uyimizda juda ko‘p tarixiy, badiiy kitoblar bo‘lardi. Menda qiziqish uyg‘otgan ilk asar esa Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Sariq devni minib"i bo‘lgan.

Shundan so‘ng doimiy ravishda kitob o‘qishni boshladim, bora-bora bu mening sevimli mashg‘ulotimga aylanishga ham ulgurdi. Asosan biznes, shaxsiy rivojlanish, tarix haqidagi va ba’zida avtobiografik asarlardan o‘qib turaman.

Har kuni kitob o‘qishni odat qilganman. Kuniga kamida 10 bet o‘qishga harakat qilaman, ko‘pi bilan 100−150 betgacha borishi mumkin. Biroq avval boshdan bunday bo‘lmagan, buni odat tusiga keltirish ancha mehnatni talab qilgan.

Mutolaani kuniga ikki betdan boshlab, davomiy o‘qib, bu odatni shakllantirganman. Hozir kitob o‘qimagan kunim yo‘q.

“O‘qi!”, Ivan Malina & Igor Mann

Ushbu asar kitob tanlash, to‘g‘ri va tez o‘qish haqida yozilgan. Bugungi axborotlashgan davrda internetda tez o‘qish bo‘yicha ko‘plab ma’lumotlarni topish mumkin, biroq men ularni kitobdan olgan ma’qul deb bilaman. Shuning uchun barchaga, ayniqsa, yoshlarga ko‘p o‘qishlarini va ushbu kitob tavsiyalaridan foydalanishlarini maslahat beraman.

Kitob to‘g‘ri tanlash, o‘qish davomida olingan bilim, ko‘nikmalarning samaradorligini oshirishga yordam berishi bilan birga, o‘qish davomiyligini odatga aylantirish uchun ham muhim ma’lumotlarni ulashadi.

Kitobxonlar, bo‘sh vaqtlarini samarali o‘tkazishni xohlovchilar, rivojlanishni maqsad qilganlar ro‘yxatida ushbu kitob ham bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman.

jahongir pulatov, kitoblar, kitoblar tavsiyasi


“Baxt Yetkazish. Milliard dollarlik internet do‘kon tarixi”, Toni Shey

“Zappos” kompaniyasi haqidagi ushbu kitob tadbirkorga xizmat ko‘rsatishni yaxshilash va mijozni tushunishga yordam beradi. Tadbirkorlar, biznes egalari va kelajakda biznes qilishni rejalashtirganlar uchun ushbu kitob foydali bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Shu bilan birga, korporativ madaniyatni shakllantirish, jamoani rivojlantirish va boshqarish uchun ham o‘qish foydali. Muallifi XXI-asrning kuchli top-menejerlaridan biri bo‘lgan tadbirkor Toni Shey ushbu kitobi orqali yillar davomida orttirgan tajribalari, bilim va ko‘nikmalari bilan o‘rtoqlashadi.

Kitob zamonaviy kompaniyalarning muvaffaqiyatlari va kuchli biznes yaratish tamoyillari bilan qiziqqan har bir kishi — ayniqsa, biznes egalari va top-menejerlarga baxt keltiradi.

jahongir pulatov, kitoblar, kitoblar tavsiyasi


“Grouing”, Igor Mann

22ta eng so‘nggi marketing usullari keltirilgan ushbu kitob korxonani tahlil qilish va rivojlantirish uchun juda foydalidir. Marketing sohasining sir asrorlari, uning biznesdagi o‘rni va ahamiyati ajoyib yoritilgan.

Kitob tadbirkorlik faoliyati uchun foydali bo‘lish bilan birga zamonaviy soha o‘rganuvchilari uchun ham keng doiradagi bilimlar manbai hisoblanadi. Biznesni shakllantirish, rivojlantirish uchun sodda ko‘rinishda mukammal tavsiyalarni o‘z ichiga oladi.

Tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ygan, uni kengaytirish, rivojlantirishni maqsad qilganlar uchun foydali kitob.


“Liderlarni rivojlantirish”, Itsxak Adizes

Jamoada insonlarni to‘g‘ri aniqlash va rivojlantirish, ularga tog‘ri yondashish haqida juda ham ajoyib kitob. Rahbarlar, biznes egalari orasida uchraydigan kadrlar bo‘yicha muammolarni yengillashtirish va bartaraf etish uchun ham yaxshi yechim bo‘la oladi. Shuningdek, xodimlarni to‘g‘ri boshqarish, jamoaviy muhitni shakllantirishda yordam beradi.

Har bir ishga oluvchi, ish boshqaruvchilar bilishi kerak bo‘lgan boshqaruv turlariga oid ma’lumotlar jamlanmasi, boshqaruv samaradorligini oshirishga qiziquvchi har bir kitobxon uchun foydali ma’lumotlar manbasi hisoblanadi.

jahongir pulatov, kitoblar, kitoblar tavsiyasi


“Netflix — hech qanday qoidalarsiz”, Rid Hastings, Erin Meyer

Noodatiy jamoaviy muhit shakllantirishga yordam beradigan kitob. Korparativ madaniyatning shakllanishi, jamoa a’zolari, xodimlarning rivojlanishi, ish muhitining qulayligi ish samaradorligini oshirishi bilan birga, kompaniya qo‘llagan noodatiy muhit, g‘ayrioddiy tamoyillar haqida so‘z boradi.

“Neftlix” kompaniyasi faoliyati misolida ko‘plab qiziqarli keyslar berib boriladi. Kompaniyaning shakllanish tarixi, rivojlanish bosqichlari davomida qanday qiyinchiliklarga duch kelingani, ularni qanday yengib o‘tilgani, muammolarga yechimlari yoritib beriladi.

Umuman olganda, kreativ, noodatiy usullar orqali barchaga ma’lum va mashhur kompaniya tarixini qiziqarli tarzda so‘zlab beruvchi kitob.