Prezidentning tegishli qarorlari bilan O‘zbekistonning ikkita hududida quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish loyihalari tasdiqlandi. Qarorlar lex.uz platformasida keltirilgan.

Unga ko‘ra, BAAning “Masdar” kompaniyasi tomonidan Buxoro viloyatida quvvati 250 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi hamda 63 MVt bo‘lgan elektr energiyasini saqlash tizimi quriladi.

Davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida amalga oshirilishi belgilangan mazkur loyiha qiymati $273 mlnga baholanmoqda.

Kompaniya o‘z majburiyatlari lozim darajada bajarilishining ta’minoti sifatida $50 mln miqdoridagi xorijiy bank kafolatini taqdim etadi.

Ikkinchi loyiha Fransiyaning “Voltalia” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilib, uning doirasida Xorazm viloyatida quvvati 100 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi DXSh asosida quriladi.

Loyihaga jami $68 mln miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilinadi. Kompaniya qurilish davrida $20 mlnlik bank kafolatini taqdim etish majburiyatini oladi.

“Hududiy elektr tarmoqlari” kompaniyasi har ikki kompaniya bilan 25 yil davomida milliy valyutada elektr energiyasini kafolatlangan tarzda xarid qilish bo‘yicha bitim imzolagan.

2022-yilning dekabrida Energetika vazirligi O‘zbekistonda uchta quyosh fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha tender g‘oliblarini e’lon qilgandi.

“Masdar” kompaniyasi Buxoroda 250 MVt quvvatga ega loyihani qurish va ishlab chiqarilgan elektr energiyasining bir kilovatt-soatini 3 AQSh senti miqdorida sotish taklifi bilan g‘olib bo‘ldi.

Xorazmda 100 MVt quvvatga ega loyiha uchun ishlab chiqarilgan bir kilovatt-soat elektrni 2,8 AQSh sentida yetkazib berish taklifi bilan Fransiyaning “Voltalia” kompaniyasi g‘olib deb topildi.

Joriy yilning sentabrida Xitoyning “PowerChina International Group Limited” kompaniyasi tomonidan Andijonda 400 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasini qurishga start berildi.

Noyabrda prezident prezident Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi bilan amalga oshirilayotgan ikkita loyihani boshlab bergandi. Kompaniya tomonidan Sirdaryoda 1500 megavatt quvvatli bug‘-gaz elektr stansiyasini tarmoqqa ulash hamda Toshkentda yashil vodorodni pilot tarzda ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish boshlandi.