O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari oktabr oyidagi o‘sishdan so‘ng, noyabr oyida biroz kamaydi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlarida keltirilgan.

Unga ko‘ra, joriy yilning 1-dekabr holatiga mamlakat zaxiralari qariyb $8 mlnga kamayib, $32,89 mlrdni tashkil etdi.

Xorijiy valyuta zaxiralari $237,9 mlnlik o‘sish bilan $8,39 mlrdni tashkil etdi va ikkinchi oydirki o‘suvchi ko‘rsatkich qayd etilmoqda.

Sentabr oyida valyuta zaxiralari statistika e’lon qilingan butun davr uchun rekord darajada past ko‘rsatkich — $7,39 mlrdni tashkil etgandi.

Mamlakat oltin zaxiralari ham sezilarli qisqarib, noyabrda $23,72 mlrdni tashkil etdi. Oktabr oyiga nisbatan uning qiymati $246,5 mlnga kamaygan.

Shuningdek, oltinning fizik hajmi ham oldingi 12 mln troy unsiyadan noyabr oyida 11,6 mln troy unsiyaga kamaydi.

Oktabr oyida O‘zbekiston dunyodagi eng yirik oltin sotuvchi davlat bo‘ldi. Mamlakat 11 tonna oltin sotgan va bu keyingi o‘rinda turgan Qozog‘istondan besh barobar yuqori ko‘rsatkichni tashkil etadi.

“World Gold Council"ning qayd etishicha, qimmatbaho metalni sotib olish va sotish o‘rtasida o‘tish ikki markaziy bank uchun odatiy hol emas, O‘zbekiston va Qozog‘iston oltinni ichkaridan sotib oladi.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston oktabr oyida $1,24 mlrd, o‘n oyda esa $6,87 mlrdlik oltin eksport qilgan va bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,3 barobarga oshgan.

Avvalroq oltin narxi tarixda birinchi marotaba bir unsiyasi uchun $2100dan oshgani haqida xabar berilgandi.