O‘zbekistonning ikkita tumanida “Yashil energiya” kompaniyasining filiali ochildi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur filiallar Andijon va Qoraqalpog‘istonda yo‘lga qo‘yilib, ular kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatish va ekspluatatsiya qilish ishlarini tizimli tashkil etish bilan shug‘ullanadi.

Xususan, quyosh panellariga texnik xizmat ko‘rsatish servis markazlari kompaniyaning dastlabki filiallari hisoblanadi.

O‘zbekistonning qolgan 12ta hududida ham bu kabi servis markazlarini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Noyabr oyi boshida Toshkentda “Yashil Energy” davlat kompaniyasining dispetcherlik markazi ish boshlagandi. Kompaniya tomonidan 333ta ijtimoiy soha obyekti va davlat idoralarida umumiy quvvati 18,8 MVtga teng bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalari foydalanishga topshirildi.

Ular orqali hozirgi kungacha 4 mln 531 ming kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Buning natijasida tarmoqdan olinadigan shu miqdordagi elektr energiyasi tejalishiga erishildi.

Joriy yilning fevral oyida kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatish va ekspluatatsiya qilish bo‘yicha MCHJ shaklidagi “Yashil energiya” kompaniyasi tashkil etildi.

Undan keyin mazkur kompaniyaga dastlabki $10 mln yo‘naltirilishi hamda joriy yilda tadbirkorlar, ijtimoiy soha va aholi xonadonlarida 1 ming 700 Megavatt quvvatli quyosh panellarini o‘rnatish belgilangani qayd etildi.

Iyun oyi oxirida “Yashil Energiya” va Xitoyning “Tongwei Solar” kompaniyasi o‘rtasida umumiy quvvati 300 MWgacha bo‘lgan fotoelektr modullarni yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolangandi.

O‘rnatilayotgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari va ular orqali ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar “Yashil energiya” axborot tizimida muntazam qayd etib boriladi.