O‘zbekistonliklar Litvaga yuk avtomobili haydovchiligiga ishga taklif etilmoqda. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xabar berdi.

Ishga “CЕ” toifali guvohnomaga ega yuk avtomobili haydovchilar qabul qilinadi.

Ish haqi oyiga 2000 yevrodan boshlanadi (soliqlar ushlangandan keyin). Sug‘urta ish beruvchi tomonidan qoplab beriladi.

Nomzodlar 27−45 yoshda bo‘lishi, rus tilini bilishi, “CE” haydovchilik guvohnomasi hamda kamida 1 yillik tajribaga ega bo‘lishi kerak.

Bundan tashqari, sudlanmaganlik, O‘zbekistondan chiqishga ta’qiq bo‘lmasligi kerak. Haydovchilik kartasi va KOD-95 sertifikati bo‘lishi shart.

Nomzodlar havola orqali ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.

Batafsil ma’lumotlarni 71 202−33−55 (ichki raqam 17) yoki (1282 qisqa raqami) orqali olish mumkin.

Avvalroq o‘zbekistonliklar Belarus kompaniyasiga ishga taklif etilayotgani haqida xabar berilgandi. Fuqarolar tokar ishi uchun qabul qilinib, ishchilarga $720 miqdorida ish haqi beriladi.