Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlarda aksiya va chegirmalarga oid tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi.

Ko‘pincha muayyan holatga chegirmalar (kompaniyaning yilligi, milliy bayram va boshqalar) keng qo‘llaniladi.

Tahlillar ayrim yirik savdo tarmoqlari foyda olish maqsadida ko‘pincha xaridorlar bilan turli xil manipulyatsiyalarga kirishishi mumkinligini ko‘rsatgan.

Masalan, dastlab taklif qilinadigan tovarlarning narxlari iloji boricha haddan tashqari oshirib yuborilishi, so‘ngra ularning narxi haqiqiy narxigacha tushirilishi mumkin. Xaridorlar chegirmali tovarlarni xarid qilganda ularda foydali xarid illyuziyasini keltirib chiqaradi.

Ko‘pincha, bayramlar oldidan yirik savdo markazlari va do‘konlar tovar narxlarini keskin ko‘tarishi, keyin esa chegirmalar e’lon qilish orqali tovar narxlari keskin tushirilganligi haqida reklamalar beriladi. Aslida esa chegirmadagi tovar narxi eski narxdagi holatiga qaytarilib, go‘yoki 20−30% chegirmalar qo‘llanilgandek taqdim etiladi.

Qo‘mita tovar yoki mahsulotlarni chegirma bilan sotish holatlariga e’tiborliroq bo‘lish, sotib olishdan oldin ularning sifati va benuqsan ekanligini tekshirishni unutmaslikka chaqirmoqda.

“Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunning 6-moddasiga muvofiq, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) iste’molchiga o‘zi realizatsiya qilayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berishi shart.

Raqobat qo‘mitasi iste’molchilardan tovarlarlarni chegirma bilan xarid qilishda to‘siq va muammolar, noto‘g‘ri va ishonchsiz reklamalarni tarqatish holatlari kuzatilsa, ishonch raqami orqali (1159) murojaat qilishni so‘ramoqda.

Avvalroq Raqobat qo‘mitasi “Free Link"ni raqobatchini obro‘sizlantirgani uchun javobgarlikka tortgandi. Bundan tashqari, qo‘mita ikki kompaniya rahbariyati yuzasidan ma’muriy bayonnoma tuzishni so‘rab, IIVga murojaat qilgan.

Undan keyin sakkizta hududdagi AYoQShlarda benzin mahsuloti qonunbuzarlik bilan sotilgani aniqlandi. Dastlabki o‘rganishlar iste’molchilarga 300 mln so‘mga yaqin zarar yetkazilganligini ko‘rsatmoqda.