“UzAuto Motors” kompaniyasi “Cobalt”, “Damas” va “Labo” avtomobillari uchun onlayn kontraktatsiyani yakunladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar bermoqda.

Natijada, mazkur modellarning 2024-yildagi ichki bozorga yo‘naltirilgan butun hajmi uchun shartnomalar to‘liq tuzib bo‘lingan.

Joriy yilning 25−27 dekabr kunlari “UzAutoSavdo” platformasi orqali tuzilgan shartnomalar hajmi jami 171 200dan ortiqni tashkil etadi.

Bu davrda onlayn-savdo tizimida 7 mingta kiberhujum kuzatilib, 3 mlndan ortiq faol seanslar qayd etilgan. Shu bilan birga, kompaniya Call-markazi tomonidan 3 mingdan ortiq murojaatlar qabul qilinib, ko‘rib chiqildi.

“UzAuto Motors” ommabop avtomobillar uchun shartnoma berish jarayonini birinchi marotaba onlayn tarzda tashkil etdi. Noyabr oyida jarayon to‘liq onlayn shaklga o‘tishi ma’lum bo‘lgandi.

Kompaniya 22-dekabr kuni soat 12:00da “Cobalt”, “Damas” hamda “Labo” avtomobillari uchun onlayn kontraktatsiyani ochishini ma’lum qilgandi. Birqo, “UzavtoSavdo” tizimi hamda mobil ilovasida uzilishlar yuz berib, 2024-yilgi hajm uchun kontraktatsiya ochilmadi.

Oradan uch kun o‘tib, ya’ni 25-dekabr kuni “UzAuto Motors” yana bir marotaba onlayn shartnomalar berish jarayoni boshlanishini ma’lum qildi va soat 14:00dan ochilishi kutilgan kontraktatsiya belgilangan vaqtdan kech ochildi.

Kompaniyaning savdo.uzavtosanoat.uz saytida yana nosozliklar kuzatildi. Shu kuni jami 31 500dan ortiq avtomobillar uchun kontrakt tuzildi.

26-dekabr kuni “Cobalt”, “Damas” va “Labo” avtomobillari uchun onlayn kontraktatsiyani qayta tikladi. Bu kuni “Cobalt”, “Damas” va “Labo” avtomobillari uchun jami 98,3 mingdan ortiq shartnomalar tuzilgan.