“The New York Times” “OpenAI” va “Microsoft” kompaniyalarini sudga berdi. Bu haqda nashr saytidagi xabarda aytiladi.

Gazeta kompaniyalarni mualliflik huquqini buzganlikda ayblaydi. Ta’kidlanishicha, “ChatGPT” va “Bing Chat” “The New York Times” ruxsatisiz chop etilgan materiallar bo‘yicha o‘qitilgan va ko‘pincha maqolalarning uzun, so‘zma-so‘z nusxalarini takrorlaydi.

Da’voga ko‘ra, ayblanuvchilar o‘z chat-botlarini o‘qitish uchun “NYT” tomonidan yaratilgan millionlab axborot mahsulotlaridan bepul foydalanmoqda.

Natijada axborot manbasi sifatida gazeta bilan raqobatlashadigan va uning auditoriyasini o‘g‘irlaydigan kontent paydo bo‘lmoqda.

Bu gazetaning o‘quvchilar bilan munosabatlarini buzadi va zararlaydi va uni obunalar, litsenziyalar, reklama va sheriklik daromadlaridan mahrum qiladi.

“NYT” “OpenAI” va “Microsoft"dan uning materiallaridan foydalanadigan barcha chat-bot modellari va o‘quv ma’lumotlarini yo‘q qilishni, shuningdek, miqdori oshkor etilmagan ko‘p milliard dollarlik tovon to‘lashni talab qilmoqda.

Bu yirik mediakompaniyaning sun’iy intellekt modellarini yaratuvchilarni sudga berishi bo‘yicha birinchi holat hisoblanadi.

Sud qarori keyingi tergov va AQSh qonunchiligidagi o‘zgarishlar uchun namuna bo‘lishi mumkin.


Avvalroq “Spot” “OpenAI” “ChatGPT-5” ustida ishlayotgani haqida yozgandi.

Biroq kompaniya bosh direktori beshinchi avlod sun’iy intellekt modelining chiqarilish vaqtini ochiqlamadi.