Xitoyning “Anhui Coronet Tech” kompaniyasi Xorazm viloyatida elektromobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

26-dekabr kuni Savdo-sanoat palatasi vakillari “Anhui Coronet Tech” kompaniyasi delegatsiyasi bilan uchrashdi.

Tomonlar ichki bozor uchun elektromobillar ishlab chiqarish hamda Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlariga eksport qilish bo‘yicha investitsiya loyihasini muhokama qildi.

Birinchi bosqichda elektromobillarni yig‘ish va ishlab chiqarish sexlarini qurishga $7 mln sarflash rejalashtirilgan. Investitsiya loyihasining umumiy qiymati $30 mlnga baholanmoqda.

Uning ishga tushishi natijasida 700dan ortiq ish o‘rni yaratilishi, shundan 650ta ish o‘rnini hududiy aholi hisobiga to‘ldirish belgilangan.

Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Umidbek Safarov Xorazmdagi erkin iqtisodiy zonada elektromobillar ishlab chiqarishda foydalanish imkoni mavjudligini qayd etdi. Viloyat hokimligida ham yig‘ilish o‘tkaziladi.

Avvalroq Xitoyning “Geely” kompaniyasi Toshkent yaqinida elektromobil ishlab chiqarishni boshlashi mumkinligi haqida xabar berilgandi.

Shuningdek, Farg‘onada ham elektromobillar ishlab chiqarishga qaratilgan uch bosqichli loyihaning dastlabki bosqichini boshlash rejalashtirilgan.