Qirg‘iziston Milliy investitsiya agentligi rahbari o‘rinbosari Jalin Jeyenaliyev yaqin orada Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida temir yo‘l qurilishini boshlash rejalari haqida ma’lum qildi, deb yozadi “Economist.kg”.

Bishkekdagi matbuot anjumanida agentlik rahbari yaqin yillarda mamlakatda amalga oshirilishi rejalashtirilgan yirik sarmoyaviy loyihalar haqida gapirdi. Ular hisobiga 2026-yilgacha mamlakatga $7−9 mlrdlik investitsiyalar jalb etilishi mumkin.

Iqtisodiyot uchun eng muhim tashabbuslardan biri Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li bo‘ladi. Uning qurilishi 2024-yilda boshlanishi kutilmoqda.

Agentlik poytaxtning “Manas” aeroportini modernizatsiya qilishni ham rejalashtirmoqda. Yaqin kelajakdagi rejalarda belgilangan boshqa yirik investitsiya loyihalari qatoriga O‘zgan shahrida halqa yo‘li qurilishi va quvvati 1,5 GVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasini yaratish bor.

Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishiga tayyorgarlik 2022-yilda boshlangan. Uch tomonlama kelishuv bilan loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha ishlarni yakunlash belgilandi. Mayda keyingi bosqichlarni belgilovchi uch tomonlama hujjat imzolandi.

Qirg‘iziston transport va kommunikatsiyalar vaziri Tilek Tekebayevning ma’lum qilishicha, liniya davlat-xususiy sheriklik asosida qurilishi mumkin. Biroq O‘zbekiston Transport vazirligi rahbari o‘rinbosari Jasurbek Choriyev bu variant ko‘rib chiqilmasligini bildirdi.

Choriyevning so‘zlariga ko‘ra, loyiha $5 mlrdga baholangan. Vazir o‘rinbosari konsorsium tuzish yoki boshqa davlatlardan investorlarni jalb etish mumkin bo‘lgan variantni qayd etdi.