Makroiqtisodiyot va hududiy tadqiqotlar instituti tomonidan nobank moliya sektorining rivojlanish darajasi va uning iqtisodiyotga ta’siri tahlil qilindi.

Mazkur sektor lizing xizmatlari, sug‘urta, kapital va qimmatli qog‘ozlar bozorlarini o‘z ichiga oladi. O‘tgan yilning birinchi yarmida ularning jami investitsiyalari 9,1 trln so‘mni tashkil etib, 2020-yilga nisbatan 1,5 barobardan ko‘proqqa oshgan.

Nobank moliya sektori investitsiyalarining YaIMga nisbati 1,6%dan 2,9%ga oshdi. Biroq, bu yetakchi rivojlanayotgan mamlakatlar masalan, Qozog‘iston (12,7%) yoki Turkiya (10,3%)dan sezilarli darajada past.

Sohada yetakchi yo‘nalish lizing bo‘lib, investitsiyalarning 45,3%ini tashkil etdi. Ularning umumiy portfeli 6,6 trln so‘mni tashkil etib, bunda qishloq xo‘jaligi texnikasi (36%), texnologik jihozlar (26,5%) va avtotransport vositalari (26%) ustunlik qiladi.

Lizing bozorida banklar ulushining kamayishi bilan avtomobil lizingining sezilarli darajada kamayishi kuzatilmoqda. MHTI ekspertlari buni banklarning avtokreditlash bo‘yicha faol siyosati natijasi bo‘lishi mumkin deb hisoblamoqda.

Sug‘urta kompaniyalari tomonidan kiritilgan investitsiyalar hajmi 5,1 trln so‘mni tashkil etdi, bu investitsiyalarning daromadli va kamroq xavfli turi sifatida asosan bank depozitlariga (63,4%) yo‘naltirildi. Shuningdek, sug‘urtachilar qimmatli qog‘ozlarga (24,4%) va ko‘chmas mulkka (8,2%) mablag‘ kiritishadi.

“Toshkent” fond birjasidagi barcha bitimlarning qiymati 2,1 trln so‘mni tashkil etib, shundan 93,8%i aksiyalar, yana 2,6%i birlamchi ommaviy savdolar (IPO) hissasiga to‘g‘ri keladi. Obligatsiyalar ulushining pastligi (3,5%) joylashtirish tartibini takomillashtirish zarurligini ko‘rsatadi.

Umuman olganda, nobank moliya sektorini rivojlantirish uchun MHTI quyidagilarni taklif qiladi:

  • lizing tahskilotlari tomonidan “yashil” energiya xizmatlari sohasida o‘sishni rag‘batlantirish;
  • hayot sug‘urtasi va tibbiy sug‘urta turlarini ommalashtirish orqali sug‘urta bozori faolligini oshirish;
  • qimmatli qog‘ozlar bozorini yanada rivojlantirish maqsadida “Toshkent” fond birjasini xususiylashtirish imkoniyatlarini o‘rganish.

Avvalroq MHTI ayollar ishsizligi bo‘yicha so‘rovnoma tashkil etgandi. Mutaxassislar xotin-qizlarning iqtisodiyotdagi faolligini oshirish tashabbuslarini taqdim etishni rejalashtirmoqda.