Janubiy Koreyaning “Tae-Chang NET” kompaniyasi O‘zbekistondagi beshta gidroelektr stansiyasini modernizatsiya qilmoqchi, deb xabar berdi “Dunyo” axborot agentligi.

O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasida o‘tkazilgan uchrashuvda “Tae-Chang NET Co., Ltd” vakillari Toshkent va Samarqand viloyatlarida joylashgan umumiy quvvati 30 MVt bo‘lgan beshta gidroelektr stansiyasining energiya bloklarini to‘liq almashtirish rejalari haqida ma’lum qildi.

Janubiy Koreya kompaniyasi beshta gidroelektr stansiyasini modernizatsiya qilishning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishga kirishgan.

Bitta gidroelektr stansiyasini konvertatsiya qilish bo‘yicha tajriba loyihasi Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) grant mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishi rejalashtirilgan. Hozir “O‘zbekgidroenergo” va “Tae-Chang NET” loyiha konsepsiyasini rasmiy ariza topshirish uchun tayyorlamoqda.

“Tae-Chang NET” kompaniyasi elektr generatorlari, shamol va gidroenergetika bloklari, jangovar tanklar va o‘ziyurar artilleriya qurilmalarini ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan turli dvigatellar, gidravlik tizimlar va texnologiyalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

Avvalroq Xitoy kompaniyalari bilan Andijonning 10ta hududida GESlar qurish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilishi ma’lum qilingandi. Xususan, mamlakatning “Zhejiang Jinlun Electromechanic” kompaniyasi 8ta hududda gidroelektr stansiyalarini tashkil etishni rejalashtirmoqda.