O‘zbekiston-Qirg‘iziston qo‘shma avtomobil zavodining ishga tushirilishi biroz ortga surildi. Bu haqda Qirg‘iziston iqtisodiyot va savdo vaziri Doniyor Amangeldiyevga tayanib, “24.kg” nashri xabar berdi.

Qirg‘iziston rasmiysiga ko‘ra, O‘zbekiston va Qirg‘iziston prezidentlari korxonani ishga tushirishga kelishib olgan. Bundan tashqari, qo‘shma loyihani amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasi va chora-tadbirlar rejasi imzolandi.

““Yo‘l xaritasi"ga ko‘ra, ushbu korxonani joriy yil boshida ishga tushirishni rejalashtirgandik. Ammo ob-havo sharoiti tufayli bu muddat 2024-yilning birinchi yarmiga suriladi. Lekin ishlar to‘xtamaydi. O‘ylaymanki, birinchi yarim yil oxirigacha ilk mahsulotlarni taqdim etamiz”, — dedi Doniyor Amangeldiyev.

2023-yilning yanvarida Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga rasmiy tashrifi davomida mazkur zavodni qurishga kelishilgandi. Mart oyida ikki mamlakat o‘rtasidagi kelishuv Qirg‘iziston Joqarg‘i Keneshining tegishli qo‘mitasiga taqdim etildi.

Aprel oyi oxiriga kelib, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Qirg‘izistonda avtomobil va tijorat avtomobillari ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha bitimni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi.

“O‘zavtosanoat"ning qo‘shma korxonadagi hamkori “DT Technik” kompaniyasi hisoblanadi. Zavod ishga tushirilishining birinchi yilida yirik blokli yig‘ish usuli bo‘yicha 10 mingta avtomobil ishlab chiqarish kutilmoqda.

Kelgusida ishlab chiqarish hajmi 30 mingtagacha oshiriladi va ayrim butlovchi qismlarni Qirg‘izistonda mahalliylashtirish bilan kichik ishlab chiqarishga yo‘naltiriladi.

Chuy viloyatida avtomobillarni yig‘ish va ishlab chiqarish zavodi qurilishi may oyining o‘rtalarida boshlangan. Qirg‘iziston Bosh vaziri Oqilbek Japarov loyihani “har ikki davlat uchun strategik ahamiyatga ega” deb atadi.

Avvalroq tomonlar 2024-yildan 12ta avtomobil modelini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi haqida xabar berilgandi.