Shavkat Mirziyoyev Xitoyga davlat tashrifini mamlakat Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan bilan uchrashuvdan boshladi.

Unda amaliy hamkorlikni, savdo-iqtisodiy sohada yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. O‘tgan yilda tovar ayirboshlash 50%ga oshib, rekord ko‘rsatkich — $14 mlrdga yetdi.

Bu ko‘rsatkichni, jumladan, yuqori sifatli sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish hisobiga $20 mlrdga yetkazish uchun salohiyat mavjudligi ta’kidlandi.

Xitoydan O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan investitsiyalarning umumiy hajmi $14 mlrddan oshdi.

Infratuzilmani modernizatsiya qilish, sanoat kooperatsiyasini, qishloq xo‘jaligida texnologiyalar transferini kengaytirish va “yashil” energetikani rivojlantirish bo‘yicha alohida hamkorlik dasturlarini tayyorlash masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, Xitoy bank-moliya institutlari bilan amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish hamda Xitoy kompaniyalarining mamlakatdagi xususiylashtirish jarayonlarida ishtirok etishi istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar aviaqatnovlar va sayyohlik almashinuvini kengaytirish muhimligini ta’kidladi. Xususan, Samarqanddan Urumchiga, Toshkentdan esa Shanxay, Xaynan, Sanya hamda Xanchjou kabi shaharlarga muntazam parvozlar yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda.

Avvalroq 2023-yilda O‘zbekistondan Xitoyga gaz eksporti deyarli ikki barobarga qisqargani haqida xabar berilgandi. Yanvar-dekabr oylarida $560 mlndan ortiq ko‘k yoqilg‘i eksport qilindi.