O‘zbekistonning to‘rtta hududida kredit mablag‘larini o‘zlashtirish holatlari aniqlandi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati.

Xususan, Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “I.T.” va “A.L.” MChJlar rahbari I.K. 4,2 mlrd so‘m kredit mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

Mazkur mablag‘lar chorvachilik faoliyatini rivojlantirish maqsadida hududiy bank filialidan ajratilgan bo‘lib, xarid qilingan chorva mollari sotib yuborilgan.

Namangan viloyatidagi “O‘zmilliybank” Uchqo‘rg‘on bank xizmati markazining murojaati bilan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Z.7.” MChJ rahbari J.S., “T.H.” MChJ rahbari S.T. va boshqalar 800 mln so‘m kredit mablag‘ini o‘zlashtirgani aniqlangan. Mablag‘lar umumiy ovqatlanish shoxobchasi va tayyor taomlar yetkazib berish xizmatini tashkil etishga ajratilgan.

Andijonda “P.T.” MChJ rahbari U.M., “T.M.” MChJ rahbari I.M. va boshqalar bank filialidan tikuvchilik faoliyatini rivojlantirishga ajratilgan kredit mablag‘lari evaziga olingan 800 mln so‘mlik 81 dona va $291,8 ming qiymatidagi 26 dona tikuv dastgohlarini sotib yuborib, mablag‘larni talon-toroj qilgan.

Shuningdek, Toshkent viloyati, Chirchiq shaharida “Xalq banki” filialidan “I.” MChJga ajratilgan 735 mln so‘m kredit mablag‘lari talon-toroj qilingan. Korxona rahbari A.E. “M.S” va “Sh.D” qum, sement va sheben qabul qilib olganligi to‘g‘risida soxta hujjatlarni rasmiylashtirib, pullarni o‘zlashtirgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Samarqandda 2,2 mlrd so‘m imtiyozli kredit mablag‘larini o‘zlashtirgan korxona rahbari aniqlangandi.