Samarqand viloyatida 2,2 mlrd so‘m imtiyozli kredit mablag‘larini o‘zlashtirgan korxona rahbari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur holat viloyatning Urgut tumanida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Z.B.” MChJ rahbari R.E. tomonidan sodir etilgani ma’lum bo‘ldi.

U aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash uchun bank tomonidan ajratilgan 2,2 mlrd so‘m imtiyozli kredit evaziga kartoshka import qilmasdan mazkur mablag‘larni talon-toroj qilgan.

Bundan tashqari, korxona rahbari 497,9 mln so‘m miqdoridagi soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlaganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 184-moddasi (soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Dekabrda “Xalq banki"ning Samarqand filiali xodimi 631 mln so‘mdan ortiq mablag‘ni noqonuniy o‘zlashtirgani aniqlangandi. Mazkur mablag‘ning barchasi onlayn qimor o‘yiniga tikib yuborilgan.