Fransiya hukumatining “France Excellence” grant dasturiga (sobiq BGF) arizalar qabul qilinmoqda.

Dastur o‘zbekistonliklar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, nomzodlar magistratura darajasi uchun hujjat topshirishlari mumkin.

Buning uchun nomzodlar bakalavr darajasiga ega yoki yakuniy bosqichda o‘qiyotgan bo‘lishi, shuningdek, Fransiyaning davlat yoki davlat tomonidan tan olingan OTMida magistratura bosqichiga ariza topshirgan yoki shu jarayonda bo‘lishi kerak.

Fransuz yoki ingliz tilidagi dasturlarga hujjat topshirish mumkin. Tanlangan yo‘nalish ingliz tilida o‘qitilishiga qaramay, nomzodlarga Fransiyaga kelish va kundalik hayotini yengillashtirishlari uchun fransuz tilini o‘rganish ham tavsiya etiladi.

Nomzodlar ariza shaklini to‘ldirishlari, barcha kerakli hujjatlarni taqdim etishlari va to‘liq faylni zip formatda campus.ouz@gmail.com elektron pochta manziliga yuborishlari kerak.

Talab qilinadigan hujjatlar:

  • ariza shakli (ingliz yoki fransuz tillarida);
  • xalqaro pasport nusxasi;
  • CV;
  • motivatsion xat (fransuz yoki ingliz tillarida);
  • universitet diplomi va baholar transkripti nusxasi (notarius yoki universitet tomonidan tasdiqlangan fransuz tiliga tarjimasi);
  • tavsiyanoma;
  • tilni bilish sertifikati (minimal B2 daraja);
  • Fransiya universitetidan kirish yoki qabul xati (agar mavjud bo‘lsa).

Tavsiyanomani universitet, nomzod ish beruvchisi yoki uni tavsiya eta oladigan insonlardan olish mumkin. Xususan, uning fazilatlari, ishlash yoki o‘qish ko‘nikmalarini batafsil bayon eta oladigan odamlardan tavsiyanoma taqdim etish maqsadga muvofiqdir.

Bundan tashqari, motivatsion xat ikki sahifadan oshmasligi va arizachi motivlarini aniq tushuntirib bera olishi kerak. Ariza topshirish shartlari bilan batafsil ingliz yoki fransuz tilida tanishish mumkin.

Qabul qilingan talabalarga 12 oy davomida 860 yevro miqdorida stipendiya ajratilib, ularning borish-qaytish aviachiptalari, ijtimoiy sug‘urta (28 yoshdan kichik bo‘lganlar uchun) xarajatlari qoplab beriladi.

Talaba vizasini olishda (viza markazi to‘lovlari kiritilmagan) hamda “Campus France” ko‘magida talabalar turar joyidan foydalanishga yordam beriladi.

Shuningdek, xarajatlarining bir qismi Yevropa va tashqi ishlar vazirligi tomonidan qoplanadigan madaniy tadbirlarda ishtirok etish imkoniyati ham taqdim etiladi.

Arizalarni joriy yilning 22-martigacha jo‘natish mumkin. Batafsil ma’lumot bu yerda.

Suhbatga taklifnomalar asosida dastlabki saralash aprel oyida o‘tkaziladi hamda yakuniy natijalar may oyida e’lon qilinadi.


Avvalroq Buyuk Britaniyaning University College London universiteti stipendiya dasturiga arizalar qabul qilayotgani haqida xabar berilgandi.