O‘zbekiston Respublika valyuta birjasi to‘rtta yangi brokerlik kompaniyasini ro‘yxatga oldi. Bu haqda savdo maydonchasi matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, “Leader Finance Capital”, “Premium Finance”, “Satori Capital” va “Toshkent Investitsiya Majmui” brokerlik kompaniyalari “V” toifasi bo‘yicha birja a’zosi bo‘ldi.
Mazkur toifa a’zolarga birja savdolarida ishtirok etish, davlat qimmatli qog‘ozlari bozorida operatsiyalarni amalga oshirish hamda REPO bo‘yicha bitimlarni tuzish imkonini beradi.
Qayd etilishicha, yangi a’zolarning qabul qilinishi bilan respublika valyuta birjasi savdo ishtirokchilarining umumiy soni 42taga yetdi.
A’zolik tufayli brokerlar davlat qimmatli qog‘ozlari bozorida o‘z ishtirokini kengaytirish va birja mahsulotlarining keng assortimenti bilan valyuta bozoridagi likvidlikni boshqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Yangi a’zolarning qabul qilinishi brokerlar orasida valyuta birjasi ommalashayotganidan dalolat beradi, deyiladi xabarda.
Bunga savdoning shaffofligi va samaradorligi, birjaning rivojlangan infratuzilmasi hamda birja savdolarida ishtirok etish uchun qulay sharoitlar yordam beradi.
Avvalroq O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasida qimmatbaho metallar savdosi ikki barobarga oshgani haqida xabar berilgandi.