Janubiyb Koreyaning “Hancom Group” kompaniyasi O‘zbekistonda IT-ta'lim ekotizimini rivojlantiradi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, vazirlik hamda kompaniya o‘rtasida kelishuv amalga oshirilgan. Unga ko‘ra, kompaniya tarkibiga kiruvchi “Hancom Academy” O‘zbekistonda o‘z o‘quv loyihalarini amalga oshiradi.
Xususan, IT-akademiya mamlakat bo‘ylab IT-sohasiga qiziquvchi yoshlarni saralab olib, “kelajak kasblari"ga o‘qitish dasturini yo‘lga qo‘yadi. Bu kasblar qatorida “Data science”, “Artificial and Cloud technologies”, “Software Engineering” kabilar bor.
Shuningdek, kompaniya tomonidan ishlab chiqilgan alohida o‘quv dasturi asosida mahalliy IT-mentorlarni tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu dastur O‘zbekiston va dunyoda yuqori talab hamda daromadga ega kasblarga yoshlarni o‘rgatishga mo‘ljallangan.
Dastur bitiruvchilari kelajakda yuqori daromad kasb egasi bo‘lish hamda chet elga IT-xizmatlar eksporti bilan shug‘ullanish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
2023-yilning dekabrida “Hancom Group” kompaniyasi hamda vazirlik o‘rtasida hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqilgandi.
“Hancom Group” 1990-yil tashkil etilgan. “Hancom Academy” esa kompaniyaning sun’iy intellekt, dron va boshqa texnologiyalarni o‘qitishga ixtisoslashgan onlayn ta’lim platformasiga ega sho’ba tashkiloti hisoblanadi.
IT-akademiya Koreyada yirik korxonalar, jumladan “Samsung Electronics”, “SK Telecom”, “KT”, “LG Electronics” xodimlari, davlat xizmatchilari malakasini oshirish bilan shug‘ullanadi, hamda yirik universitetlar bilan hamkorlik qiladi.
Avvalroq joriy yilning 1-martidan IT-o‘quv markazlariga subsidiya ajratish tizimi joriy etilishi haqida xabar berilgandi.