“Burger King” tovar belgisiga nisbatan huquqbuzarlik holati bartaraf etildi, deya xabar berdi Adliya vazirligi matbuot xizmati.

2023-yilning noyabrida AQSh kompaniyasining ishonchli vakili tomonidan vazirlikka murojaat kelib tushgan.

Unda mazkur kompaniyaga tegishli bo‘lgan “Burger King” tovar belgilariga adashtirib yuborish darajasida o‘xshash bo‘lgan “King Burger” nomi ostida Toshkent shahridagi fastfud ovqatlanish shaxobchasida ruxsatsiz foydalanib kelinayotganlik holati bo‘yicha tegishli chora ko‘rish so‘ralgan.

Murojaatga asosan Adliya vazirligi tomonidan holat o‘rganilib, natijasi bo‘yicha fuqaro H. A.ga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishli tartibda ko‘rib chiqish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudiga yuborildi.

Huquqbuzarga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 177-moddasi birinchi qismi bilan jarima jazosi tayinlangan. Shuningdek, tovar belgisi peshlavhalardan olib tashlandi.

Avvalroq Adliya vazirligi “Nokia” kompaniyasining intellektual mulk huquqlarini himoya qilgandi. Sudlar tovar belgisidan noqonuniy foydalangan 8 nafar shaxsga 24 mln so‘mga yaqin jarima tayinladi.