Istiqbolli loyihalar milliy agentligi mayning faoliyatini amalga oshirish uchun ariza jo‘natuvchi “Ro‘yxatdan o‘tish” axborot tizimini ishga tushirdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Tizim orqali kriptovalyuta qazib olish bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan yuridik shaxslar ariza topshirishlari va ruxsat olishlari mumkin bo‘ladi. Ruxsatnoma berish tartibi 2023-yilning sentabrida tasdiqlangan nizomda belgilangan.

Ariza topshirish uchun NAPP sayti orqali shaxsiy kabinetga kirishi lozim va bunda ERI talab qilinadi. So‘ng “Rol tanlash” qismida yuridik shaxs belgilanadi.

Tizimga kirilganida “Mayning” tugmasini tanlash kerak. Chap tarafdagi menyuda “Ariza yuborish” tugmasi bosilib, “Talablar bilan tanishdim” yozuviga belgi qo‘yilganidan so‘ng, barcha maydonlar to‘ldirilishi kerak.

Ariza shaklini to‘ldirishda quyidagi fayllar ilova qilinadi:

  • obyektda o‘rnatilgan quyosh elektr stansiyasi va uni ishlab chiqarish hajmi to‘g‘risidagi ma’lumotlar yoki elektr energiyasini etkazib berish shartnomasi;
  • mayning uskunalari bo‘yicha ularning energiya sarfini ko‘rsatadigan hujjatlar;
  • qazib olinishi rejalashtirilgan kripto aktivlar ro‘yxati va kripto hamyon manzillari.

Murojaatlar qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqiladi. Ariza beruvchining murojaatiga javob ham tizim orqali (shaxsiy kabinetda) taqdim etiladi.

Barcha bosqichlar (yo‘nalish, ko‘rib chiqish, javob berish) o‘tib bo‘linganidan so‘ng, elektron pochtaga bildirishnomalar yuboriladi.

Arizani ko‘rib chiqish va ruxsatnoma berish uchun hech qanday to‘lov olinmaydi. Hujjatning amal qilish muddati — 5 yil.

“Ro‘yxatdan o‘tish” axborot tizimini takomillashtirish bo‘yicha savollar yoki takliflarni a.zakirov@napp.uz, t.saliev@napp.uz pochtasiga yuborish yoki +998712317905, +998712317920 telefon raqamlari orqali bildirish mumkin.

Qonunchilikka ko‘ra, ruxsatsiz mayning faoliyati bilan shug‘ullanish BHMning 150 barobari (49,5 mln so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. Kriptovalyuta qazib olish tartibini buzganlik uchun, shuningdek, yashirin qazib olishga jarima va qurilmalarni musodara qilish tarzidagi jazolar alohida ko‘rsatilgan.

Avvalroq “Uzinfocom Token.uz milliy blokcheyn tarmog‘ini ishga tushirishga tayyorlanayotgani haqida xabar berilgandi.