Xitoyning ikkita texnologiya giganti — “China Unicom” va “Huawei” 5.5G deb nomlanuvchi yangi avlod mobil aloqa tarmog‘ini sinovdan o‘tkazdi, deya xabar bermoqda “BigAsia” nashri.

Avvalgisidan 10 baravar yuqori o‘tkazuvchanlikka ega yangi aloqa standarti Pekinning uchta tumanida sinovdan o‘tkazildi.

Sinov shuni ko‘rsatdiki, foydalanuvchi mobil aloqasining o‘tkazuvchanligi sekundiga 10 gigabitgacha, uzluksiz ishlash tezligi esa sekundiga 5 gigabitdan ortiq bo‘ladi.

“Bu 5.5G tarmog‘i tijorat foydalanishga topshirilishidan oldingi yakuniy bosqich. Buyurtma kelib tushishi bilan biz uni juda qisqa vaqt ichida ishga tushira olamiz”, — deydi “China Unicom” Pekin bo‘linmasi bosh direktorining o‘rinbosari Syao Juy.

Qayd etilishicha, yangi texnologiya tijoriy faoliyat uchun 2024-yilda to‘liq shay holatiga keltiriladi.


Avvalroq Xitoy dunyodagi eng tez internetni ishga tushirgani haqida xabar berilgandi.

Qayd etilishicha, u sekundiga 1,2 terabit (1200 gigabit) ma’lumotlarni uzatadi.

Bu tezlik ko‘rsatkichi rekord bo‘lib, u bir soniyada HD formatda 150 ta filmni uzatishga teng hisoblanadi.

3 ming km dan ortiq uzunlikdagi kabel Pekin, Uxan va Guanchjouni bog‘ladi. U iyul oyida tarmoqqa ulangan va sinovdan o‘tgandan so‘ng foydalanishga topshirilgan.