Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Qoraqalpog‘istondagi ikkita turagentlarni javobgarlikka tortdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Litsenziyasiz faoliyat yuritayotgan, litsenziyasi bor mahalliy turoperatorlar bilan “Umra” tadbirlarini tashkil etib, fuqarolarni ziyoratga yuborishga harakat qilayotgan vositachilar uchramoqda.

Shu bilan birga, mazkur xizmatlarni ko‘rsatish maqsadida o‘z nomlaridan noqonuniy reklamalar joylashtirib bormoqda. Qo‘mita tomonidan esa noqonuniy reklamalarga nisbatan muntazam ravishda reklamalar nazorati olib borilmoqda.

Raqobat qo‘mitasiga Turizm qo‘mitasi tomonidan Qoraqalpog‘istondagi turoperatorlarning reklama faoliyati yuzasidan murojaat kelib tushgan hamda u hududiy bo‘lim tomonidan o‘rganib chiqildi.

Hududda turistik faoliyatni amalga oshirish bo‘yicha litsenziyaga ega turoperatorlar mavjud emasligi aniqlandi. Mavjud agentliklar esa Toshkent shahri va viloyat turkompaniyalari bilan ziyoratlarni tashkil etishda ishtirok etayotganligi ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, “Iskander Tours” hamda “Oks Tours” kompaniyalari litsenziyasi mavjud emasligi, shunga qaramay, ijtimoiy tarmoqlarda “Umra” xizmatlarini ko‘rsatishga qaratilgan noqonuniy reklamalar joylashtirib borayotganligi aniqlangan.

Qo‘mita maxsus komissiyasi tomonidan belgilangan nizomga asosan mazkur ikkita turoperatorlarga nisbatan tegishli tartibda ish qo‘zg‘atilib, javobgarlik belgilash bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Shu bilan birga, kompaniyalarga mazkur holatni bartaraf etib, kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan bajarilish lozim bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.

Raqobat qo‘mitasi “Umra” ziyoratiga borishdan avval birinchi navbatda, xizmat ko‘rsatuvchi korxonaning litsenziyasi bilan tanishishni, reklamada berilgan ma’lumotlarga e’tibor berishni so‘ramoqda.

Noqonuniy reklamalarga duch kelgan fuqarolar, bu bo‘yicha huquqlari buzilgan taqdirda Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoniga murojaat qilishlaari mumkin.

Avvalroq Raqobat qo‘mitasi avtolizing xizmatlaridan foydalanishda ehtiyotkor bo‘lishga chaqirgandi.