Iste’molchilar tomonidan elektr energiyasi va tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yilning yanvar oyida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 995ta iste’molchining energiya resurslaridan noqonuniy foydalangani ma’lum bo‘ldi.

Unga ko‘ra 20,5 mln kVt/soat elektr energiyasi hamda 47,4 mln metr kub tabiiy gaz talon-taroj qilingan. Natijada, davlat manfaatlariga jami 94,54 mlrd so‘m zarar yetkazildi.

Shuningdek, mamlakatning barcha hududlarida inspeksiya tomonidan 24 969ta profilaktika tadbiri o‘tkazildi.

Energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar bo‘yicha 937ta ma’muriy ish rasmiylashtirildi.

Yanvarda Sirdaryodagi metan “zapravka” 62 mlrd so‘mdan ortiq tabiiy gazni talon-toroj qilgani haqida xabar berilgandi.

2023-yilda O‘zbekistonda 1,5 trln so‘mlik tabiiy gaz va elektr energiyasi talon-toroj qilingandi. Shu bilan birga, 2 134ta ma’muriy qoidabuzarlik holatlari aniqlanib, 204 mlrd so‘mlik jarimalar undirishga qaratilgan.