Sirdaryo viloyatidagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasida o‘tkazilgan nazorat tadbirida qonunbuzilish holati aniqlandi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, Boyovut tumanida joylashgan “B.” MChJga qarashli AGTKShga tortilgan gaz quvuri ko‘zdan kechirildi.

Korxona gaz hisoblagichdan oldin yer ostidan shoxobcha hududiga gaz quvuri olib kirib, noqonuniy ravishda rezina shlang orqali tabiiy gazni sotishga yo‘naltirgan.

Natijada, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, metan “zapravka” tomonidan davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar miqdori jami 62,5 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Qoidabuzar iste’molchiga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rish uchun tegishli hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilindi.

2023-yilning dekabr oyi boshida Toshkent shahri va viloyatidagi 3ta gaz “zapravka” 4 mlrd so‘mdan ortiq tabiiy gazni talon-toroj qilgani ma’lum bo‘lgandi.