8-fevral kuni “Maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim sohasi obyektlarini barpo etishda buyurtmachi xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzurida davlat muassasasi shaklida Infratuzilmani rivojlantirish injiniring kompaniyasi tashkil etiladi.

2024−2026 yillarda O‘zbekistonning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida mazkur kompaniya maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim va ixtisoslashtirilgan maktablarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash bo‘yicha buyurtmachi vazifasini bajaradi.

Unga obyektlar uchun markazlashgan holda asosiy qurilish materiallari, jihozlar va konstruksiyalarni xarid qilish huquqi beriladi. Biroq, qurilish jarayoni bilan bog‘liq bo‘lmagan mebel jihozlari va asbob-uskunalar bundan mustasno.

Shuningdek, kompaniya obyektlarning sifatini muntazam nazorat qilib borish maqsadida hududlar kesimida har 5ta obyektga kamida 1ta texnik nazorat xodimini biriktiradi.

Kompaniyaga mahalliy va xorijiy boshqaruvchi, maslahatchilarni (PMC — Project Management Consultancy) jalb qilish huquqi beriladi. Mutaxassislar tender savdolarini o‘tkazmasdan, eng yaxshi takliflar orasidan va to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzish orqali tanlanadi.

Avvalroq maktablarning yuqori sinflarida biznes va IT-kasblarga tayyorlash dasturlari yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgandi. Biznes va kasb-hunarga o‘qitish yo‘nalishida ustaxonalar tashkil etilib, yuqori maoshli Kasbiy ta’lim ustasi lavozimi joriy qilinadi.