“Uzbekistan Airways Express” loukoster aviakompaniyasi Farg‘ona-Sochi yo‘nalishi bo‘yicha muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘ymoqda, deb xabar qildi Sochi aeroporti matbuot xizmati.

Farg‘ona — Sochi — Farg‘ona yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar Airbus 320 samolyotlarida haftada bir marotaba — juma kunlari amalga oshiriladi.

Birinchi aviaqatnov joriy yilning 16-fevraliga rejalashtirilgan. Quyidagi parvoz jadvali keltirilgan (mahalliy vaqt):

  • Farg‘onadan jo‘nab ketish — 23:50, Sochiga yetib borish — 02:00 (keyingi kunga o‘tish bilan);
  • Sochidan uchish — 03:10, Farg‘onaga qo‘nish — 08:55 (qaytish reysi — 18-fevral).

Nashr qilingan vaqtda bagajsiz bir tomonlama chipta narxi $322,7dan, qaytish chiptasi esa $91,3dan boshlanadi.

Aviachiptalarni kompaniya sayti, mobil ilovasi hamda aviakompaniya agentlaridan, shuningdek, “Uzbekistan Airways Sales” filialidan xarid qilish mumkin.

Avvalroq “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi Toshkent — Rim yo‘nalishida parvozlarni yo‘lga qo‘ygani haqida xabar berilgandi.