Kelasi o‘quv yilidan “Uzbekistan Airports” stipendiyasi joriy etiladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, stipendiya Toshkent davlat transport universitetining “Aviatsiya transporti muhandisligi” fakultetida 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab yo‘lga qo‘yiladi.

Bunda mazkur fakultetning yuqori bosqichida tahsil oluvchi talabalari ishtirok etishlari mumkin bo‘ladi.

“Uzbekistan Airports” stipendiyasi uchun tanlov 6 bosqichdan iborat bo‘lib, nomzodlardan hujjatlar 15-sentabrgacha universitet ilmiy bo‘limida qabul qilinadi.

Stipendiya miqdori bazaviy stipendiya hisoblashning ikki barobariga (1 mln 35 ming 760 so‘m) tenglashtiriladi.

2023-yili Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri stipendiyasi ta’sis etilishi ma’lum qilingandi.

Shuningdek, o‘tgan yili birinchi marotaba “Raqamli texnologiyalar vazirligi stipendiyasi” tanlovi o‘tkazildi. Mazkur tanlov joriy etilishi haqida martda xabar berilgandi.