O‘zbekistonda bir yilda ikkitadan ortiq avtomobil sotgan jismoniy shaxslarni deklaratsiyalash tizimi joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar berdi.

Bu haqda 13-fevral kuni prezidentga taqdim etilgan Strategik islohotlar agentligi taqdimotida so‘z borgan.

Qayd etilishicha, 2022-yilda 33 mingga yaqin fuqaro 3 va undan ortiq avtomobil xarid qilgan.

Deklaratsiya tizimi orqali chayqovchilikning oldini olish va budjetga qo‘shimcha 30 mlrd so‘m tushum tushirish maqsad qilingan.

2023-yilning avgustida “UzAuto Motors” olibsotarlarga qarshi kurashish uchun bir kishi yiliga bir xil modeldagi ikkitadan ortiq avtomobil sotib olsa, xaridorga yetkazib berish muddatini 120 kungacha oshirishini ma’lum qilgandi. Bunda har bir keyingi avtomobil navbatning oxiriga ko‘chiriladi.

Dekabr oyi oxirida hukumat yangi avtomobillarni bir kishiga sotishni cheklashga qaratilgan qarorni qabul qilgandi. Ichki bozordagi talabdan kelib chiqib avtomobil sotuvchisi bir kishi bilan yiliga ikkitadan ortiq shartnoma tuzmaslik huquqiga ega bo‘ladi.

Avvalroq O‘zbekistonda naqd puldan foydalanishni qisqartirish va bir qator tovarlar ulgurji savdosini naqdsiz shaklga o‘tkazish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.