Avvalroq Buyuk Britaniyada ishlash istagida bo‘lgan o‘zbekistonliklardan onlayn arizalar qabul qilinishi haqida xabar berilgandi.

17-fevral kuni fuqarolar uchun mavsumiy qishloq xo‘jaligidagi ishlarga ro‘yxatdan o‘tish jarayoni amalga oshirildi.

Migratsiya agentligi shu kuni ro‘yxatdan o‘tgan nomzodlar uchun 23-fevral kuni rus tili bo‘yicha onlayn test o‘tkazilishini ma’lum qildi.

Test va suhbat jarayonlari Britaniyaning ish beruvchi kompaniyasi tomonidan o‘tkaziladi. Bunda agentlik tomonidan test jarayonlariga aralashish haqli emasligi ta’kidlangan.

Unda faqat ro‘yxatdan o‘tgan nomzodlar ishtirok eta oladi hamda buning uchun ro‘yxatdan o‘tishda ko‘rsatilgan elektron pochta manzilidan kirish shart.

Testdan bir marotaba o‘tish mumkin hamda har bir test topshiruvchiga 10 daqiqa vaqt beriladi. Boshqa resurslardan foydalanish taqiqlanadi.

Jarayon tugagungacha test oynasini yopish yoki boshqa oynaga o‘tish mumkin emas. Agar bu holat kuzatilsa, test avtomatik ravishda yakunlanadi.

Testdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar Britaniya kompaniyasi vakillari bilan o‘tkaziladigan suhbatga taklif etiladi.

Shuningdek, suhbatga qabul qilingan nomzodlar ro‘yxati, suhbat vaqti va manzili haqida qo‘shimcha ma’lumot beriladi.

Ariza topshirgan nomzodlar havola orqali testda ishtirok etishlari mumkin.

Havola 23-fevral kuni soat 11:00dan 12:00gacha ishlaydi.


Avvalroq “Spot” xorijiy davlatlarda qonuniy ishlash uchun hujjatlarni qanday topshirish mumkinligi haqida qo‘llanma e’lon qilgandi.