Majburiy ijro byurosi Toshkent shahar hududida joylashgan binoning bir qismini auksionga qo‘ydi.

“Central Plaza” ko‘p funksiyali savdo va turar-joy majmuasi uchun mo‘ljallangan to‘rt qavatli bino qurilishi 2019-yilda boshlangan. Suratdan ko‘rinib turibdiki, binolarning ichki bezagi hali tugallanmagan.

Xaridorlarga umumiy maydoni 10 067 kv.metr bo‘lgan binolar taklif etiladi. Bu to‘rt qavatli binoning to‘liq 3 qavatini (7 970 kv.metr) hamda 4-qavatning bir qismini (2 097 kv.metr) o‘z ichiga oladi.

Obyektning boshlang‘ich bahosi 130,4 mlrd so‘mni, zakalat puli esa 6,52 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Auksion joriy yilning 1-aprel kuni soat 10:00da boshlanadi hamda shu kuni soat 09:00gacha ariza topshirish mumkin.

Lot auksionga Toshkent shahar tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qaroriga muvofiq chiqarilgan.

Avvalroq Davaktiv agentligi Toshkent shahri, Shayxontohur tumanidagi yer uchastkasi va binolar majmuasini sotuvga qo‘ygandi.