5-mart kuni Shavkat Mirziyoyev “Tashkent City Mall” savdo-ko‘ngilochar markazini ko‘zdan kechirdi.

Majmua ko‘p funksiyali bo‘lib, 5ta qavatda savdo do‘konlari, restoran va kafelar, ko‘ngilochar o‘yinlar va sport maydonlari joylashgan. Yer ostida 2 qavatli avtoturargoh bor.

Unda taqdim etilgan brendlar qatorida Ispaniyaning “Inditex” kompaniyasi bor: “Zara”, “Zara Home”, “Massimo Dutti”, “Oysho”, “Bershka”, “Stradivarius” va “Pull&Bear”.

Bundan tashqari, “Galmart”, “Spotmaster”, “Nike” va “12 STORЕEZ” savdo, “Subway” hamda “HuQQabaz” ovqatlanish nuqtalari ochilishi kutilmoqda.

Jami 245 ming kvadrat metr binolarning ijara maydoni 100 ming kvadrat metrni tashkil qiladi. Markaz o‘z ichiga 14ta kinoteatrni, jumladan “IMAX"ni qamrab oladi.

Shuningdek, bu yerda bolalar va kattalar uchun yopiq o‘yingohlar, “Sky Park”, VR zona, Bolalar ilmiy majmuasi, planetariy hamda “Intertainment” zonalari bor.

Majmua bir kunda 60 ming kishiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega. Shu bilan birga, 3 mingdan ortiq kishi ish bilan ta’minlanadi.

Davlat rahbari mazkur majmuaning bir qismi bo‘lgan besh yulduzli mehmonxonada yaratilayotgan sharoitlar bilan tanishdi. Mehmonxona may oyida ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

U 31 qavatdan iborat bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 500 kishiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi. Unda yuqori martabali mehmonlar uchun sharoitlar, 273ta standart xona tashkil etiladi.

Shuningdek, katta va kichik konferensiya zallari, ochiq va yopiq suzish havzalari, restoran va kafeteriya xizmat ko‘rsatadi. Binoda “Aqlli uy” tizimi hamda tezyurar liftlar o‘rnatilgan.

Mehmonxona ishga tushgach, 500 kishi doimiy ish ta’minlanadi. Fuqarolarga xizmatlar taqdim etuvchi bunday markazlarni mamlakatning boshqa shaharlarida ham barpo etish muhimligi qayd etildi.

Joriy yilning 29-fevral kuni “Tashkent City Mall” savdo markazining texnik ochilishi o‘tkazildi. Markaz poytaxtning Botir Zokirov ko‘chasi, 7-uyda joylashgan.

5-mart kuni soat 16:00dan boshlab savdo markazi texnik sabablarga ko‘ra yopilishini e’lon qildi. Biroq, oradan ko‘p vaqt o‘tmay, savdo-ko‘ngilochar majmuasi matbuot xizmati avvalgi tartibda ish boshlanganini ma’lum qildi.

“Hyper Partners” tomonidan amalga oshirilgan savdo markazi dastlab avgust oyida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgandi. Dekabrga kelib, markaz ochilishi 2024-yilning birinchi choragiga ko‘chirildi.

2023-yilning mayida prezident qarori bilan savdo maydonchasi ijara to‘lovlarini xorijiy valyutada amalga oshirish huquqini oldi.